Shourumda oʻzbek hunarmandchiligi anʼanalarini rivojlantirib, ularni zamonaviy talqinda davom ettirayotgan mahalliy brendlar mahsulotlari taqdim etildi.

Birinchi xonimlar milliy naqshlar, koʻp asrlik hunarmandchilik anʼanalari va oʻzbek xalqining madaniy qadriyatlari aks etgan mahalliy ustalar hamda dizaynerlar ijodi bilan tanishdi.

Tashrif doirasida Oʻzbekistonning oʻziga xos urf-odat va anʼanalarini aks ettiruvchi madaniy dastur ham namoyish etildi. Unda inson hayotidagi muhim bosqichlardan biri - oila qurish va u bilan bogʻliq milliy udumlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, ozarboyjonlik mehmonlarga kelin sarposini tayyorlash va soʻzana tikish bilan bogʻliq udumlar, toʻy marosimlari, kelinni kuyov xonadoniga kuzatish, «kelin salom» va «beshik toʻyi» anʼanalari namoyish etildi. Shuningdek, anʼanaviy ona allasi ijro etildi.

Madaniy dastur Oʻzbekiston va Ozarboyjon xalqlarining urf-odatlari hamda qadriyatlaridagi mushtarak jihatlarni ham koʻrsatib berdi. Har ikki xalq hayotida oila, kattalarga hurmat, farzand tarbiyasi, mehmondoʻstlik va milliy anʼanalarni asrab-avaylash muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.