Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriyaning Jo‘lan tepaliklaridagi otashkesimga oid 1974 yilgi kelishuv o‘z kuchini yo‘qotganini e’lon qilib, hududni Isroilning ajralmas qismi deb atadi. Xo‘sh, bu tepalikning huquqiy statusi va geosiyosiy ahamiyati qanday? “Tahrir ash-Shom” nega Isroilning bu harakatlariga e’tiroz bildirmadi? “Geosiyosat”da shu kabi savollarga professor Farhod Karimov javob berdi.

Jo‘lan tepaliklarining xalqaro huquq asosidagi maqomi qanday?

— Jo‘lan tepaliklari tarixan bahsli hudud bo‘lib kelgan, mintaqada kim hukmronlik qilishidan qat’i nazar aynan shu yerlarni o‘zlashtirishga harakat qilgan. Jo‘lan tepaliklari Iordaniya, Isroil, Livan va Suriya davlatlari o‘rtasidagi doimiy qiziqish markazida bo‘lib kelgan. Shuningdek, bu hudud geografik va harbiy jihatdan ham juda qulay hisoblanadi: tepaliklar mintaqadagi eng katta tog‘ tizmalariga ega, tarixda yuz bergan urushlarda barcha eng avval shu tepaliklarni egallashga uringan, sababi tepalikdan hududga chegaradosh davlatlarni bemalol kuzatish mumkin. Xususan, Iordaniya va Suriya hududlari tepalikdan kaftdek ko‘rinadi. Shuningdek, bu tepaliklar orqali Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib borish mumkin.

1967 yilda 6 kun davom etgan Arab-Isroil urushida Isroilning qo‘li baland keladi, shu urushda Isroil Jo‘lan tepaliklarining Suriya bilan chegaradosh hududlarining uchdan ikki qismini egallab, Suriya ichkarisiga 20 km, ba’zi joylarda 50 kmgacha kirib boradi va bu yerlarni anneksiya qiladi. 1981 yilda Isroil mazkur egallangan joylarni mamlakatning siyosiy xaritasiga kiritadi, biroq BMT o‘sha yilning o‘zida rezolyutsiya qabul qilib (BMT Xavfsizlik Kengashining 1981 yil 17 dekabrdagi 497-rezolyutsiyasi), bu yerlarni Suriya hududi sifatida qoldiradi. Lekin amalda hududdan hamon Isroil foydalanadi, hatto u yerda 30 dan ortiq aholi punktlarini tashkil qilib, turistik zonalar ham barpo qilgan.

BMT Isroilni Jo‘lan tepaliklarini bo‘shatishga chaqirdi. Buni O‘zbekiston ham qo‘llab-quvvatladi

1974 yilga qadar Isroil va Suriya o‘rtasida katta mojarolar davom etgan, o‘sha yilga kelib ular o‘rtasida BMT shafeligida otishmani to‘xtatish va egallangan hududlarni mavjud holatida qoldirish borasida sulh tuziladi. Sulhga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida neytral zona ham mavjud edi, biroq bugungi kunga kelib, Isroil aynan shu neytral hududlarni ham o‘ziga qo‘shib oldi.