Korrupsiyaga qarşi kuraşiş agentligi 2023 yil uçun «Özbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarşi kuraşiş töğrisida milliy ma’ruza»ni e’lon qildi. Unda 2023 yildagi korrupsion jinoyatlar tahlili, korrupsiyaga qarşi tadbirlar, hududlar va sohalar miqyosida jinoiy-huquqiy statistika keltirilgan.
Tahlillarga köra, 2023 yilda respublika böyiça sudlar tomonidan jami 6 535 nafar şaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uçun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu – 2022 yildagi körsatkiçdan (7 414 nafar şaxs) 879 nafar yoki 12 foizga kam.

2023 yilda sudlar tomonidan ayblov hukmi çiqarilgan korrupsiyaga oid jinoyat işlari soni 4 128 tani taşkil qilib, 2022 yilga nisbatan 479 taga yoki 10 foizga kamaygan.
Javobgarlikka tortilgan 6 535 nafar şaxsning 1 299 nafari yoki 20 foiziga ozodlikdan mahrum qiliş jazosi tayinlangan. Qolgan 2 721 nafar şaxsga (42 foiz) axloq tuzatiş işlari, 1 076 nafar şaxsga ozodlikni çeklaş, 982 nafar şaxsga jarima, 21 nafar şaxsga majburiy jamoat işlari, 7 nafar şaxsga muayyan huquqdan mahrum qiliş jazosi tayinlangan, 53 nafar şaxsga şartli hukm çiqarilgan. 227 nafar şaxsga jazo tayinlanmagan bölsa, 149 nafar şaxs jazodan ozod qilingan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida, 2023 yilda davlat manfaatlariga jami 1,4 trln söm (ötgan yilgi örtaça kurs böyiça hisoblaganda, qariyb 120 mln dollar) miqdorida zarar yetkazilgan. Uşbu zararning 745 mlrd (1,1 trln) sömi yoki 51 (54) foizi qoplangan.
Davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori uluşi Andijon (243 mlrd söm), Namangan (194 mlrd söm), Qaşqadaryo (143 mlrd söm) va Toşkent viloyatlariga (132 mlrd söm) töğri kelmoqda.
2022-2023 yillarda pora predmeti bölgan 7,1 mlrd söm, 345 ming AQŞ dollari va 34,5 ming Rossiya rubli miqdoridagi pul mablağlari davlat foydasiga musodara qilingan.

Eng köp sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar dinamikasiga e’tibor qilinsa, talon-toroj qiliş, firibgarlik hamda pora oliş-beriş asosiy örinlarda ekanini köriş mumkin.



















