Qarorga ko‘ra, 5 turdagi davlat xizmatlari proaktiv tarzda hamda 6 turdagi davlat xizmatlari kompozit tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bunda, quyidagi davlat xizmatlarini proaktiv tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda:
- elektr energiyasini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
- tabiiy gazni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
- ichimlik suvini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
- issiq suvni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
- xususiy bandlik agentliklarini Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish.
Proaktiv davlat xizmati – jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarisiz vakolatli organlar tashabbusi bilan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari.
Shuningdek, quyidagi davlat xizmatlarini kompozit tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda:
- ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ushbu manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;
- ko‘chmas mulk ijara yoki tekin foydalanish shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish va ushbu manzilga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;
- davlatga tegishli bino yoki inshootni bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- “E-auksion” elektron savdo platformasida ko‘chmas mulk obektlarini sotish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- tibbiy faoliyat uchun litsenziya bilan birga rentgen uskunasidan foydalanish uchun ruxsatnoma olish;
- xavfli yuklarni tashish uchun sig‘imlarning yaroqliligi to‘g‘risida xulosa bilan birga yadroviy va radioaktiv materiallar, radiatsiya manbalari, radioaktiv chiqindilar va qurilmalarni tashish shartlari va usullarining sanitariya qoidalariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa olish.
Kompozit davlat xizmati – jismoniy va yuridik shaxslarning bitta murojaati asosida vakolatli organlar tomonidan ko‘rsatiladigan ikki va undan ortiq davlat xizmatlari majmuasi.
















