O‘zbekiston | 12:29 / 13.02.2025
9680
3 daqiqa o‘qiladi

«Los-Anjyelesda kuchli o‘ntalikka kirish maqsad qilingan» - prezident

Parijda erishilgan natijalar bilan xotirjamlikka berilmaslik kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Los-Anjyeles — 2028 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonni kuchli o‘ntalikka kiritish maqsad qilingan. Bu haqda 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Prezident buning uchun mutasaddi rahbarlardan tortib, tuman hokimlarigacha barcha qattiq ishlashi kerakligini qayd etdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari sport sohasini shunchaki o‘yin va musobaqalar emas, millat genofondi, mamlakatning qudrati va obro‘-e’tiborini butun dunyoga tarannum etadigan eng ta’sirchan vosita, eng ustuvor vazifa deb bilish shartligini ta’kidladi. Shu bois Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha birinchi marta bunday katta yig‘ilish o‘tkazilayotganini bildirdi.

Prezident Parijda erishilgan natijalar bilan xotirjamlikka berilmaslik kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

O‘zbekistonning Olimpiya o‘yinlaridagi tarixi faqatgina yakkakurash sport turlari bilan yozilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oxirgi Olimpiadada faqat 5 ta sport turi – boks, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika va erkin kurash bo‘yicha medal qo‘lga kiritilgan.

Sport federatsiyalarining har biriga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari saylangan, lekin ayrimlarining faoliyati mavjud salohiyatga mos emasligi qayd etildi.

Viloyat, tuman, mahallaga borganda, sportchi va trenerlar bilan uchrashish, ularning muammosini hal qilish, xorijiy yoki xalqaro federatsiyalar rahbarlari bilan hamkorlik qilish, sportchi va murabbiylarni o‘quv mashg‘ulotlariga yuborish ishlari sustligi tanqid qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasi 2024 yilgi Parij Olimpiadasida 13 ta medal (8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza) qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egalladi. Bu natija Olimpiadalar tarixidagi eng yaxshisi hisoblanadi.

O‘zbekistonlik olimpiyachilarning bungacha eng yaxshi natijasi 2016 yilda Rio-de-Janeyroda qayd etilgandi. O‘shanda jamoa 13 ta (4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza) medal bilan 21-o‘rindan joy olgandi.

Mavzuga oid