Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qilishicha, Qo‘shrabot tumanida “Sh.B.” MChJ rahbari A.X. va boshqalar “Shova” MFY hududidan o‘tuvchi soy bo‘yidan noruda foydali qazilma hisoblangan qum-shag‘al aralashmasini korxona maxsus texnikalari yordamida qazib olgan. Ularning MChJ ishlab chiqarish sexiga yetkazib berayotganliklari aniqlanib, 3 dona maxsus texnikalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda MChJ mas’ul shaxslari jami 35,8 ming kub hajmdagi qum-shag‘al aralashmasini o‘zboshimchalik bilan qazib olgani aniqlandi. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 3,9 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, Buxoro tumanidagi gips koni hududidan “S.m.”, “W.g.”, “A-G.”, “K.Z.” va “B.G.” MChJ mas’ul shaxslari jami 33,5 ming kub hajmdagi gips toshlarini o‘zboshimchalik bilan qazib olgan. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 3,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (o‘zboshimchalik) va 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.















