Islom Karimov O‘zbekistonni mustaqillikdan boshlab to 2016 yilning sentabriga qadar, chorak asr boshqardi. Karimov davrida O‘zbekiston faqat bitta davlat bilan ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatdi. U ham bo‘lsa Rossiya Federatsiyasi bilan, 2005 yilning noyabr oyida. Vaholanki, Karimov Rossiyaga ishonchsizligi bilan tanilgan edi.

Karimovning Rossiyaga ishonchsizligi tabiiy hol edi. Nafaqat O‘zbekiston, balki SSSR tarqalgach mustaqilligini qo‘lga kiritgan barcha yangi davlatlarning Rossiyaga ishonchsizlik va qo‘rquv bilan qarashi – tabiiy edi. Chunki SSSRni tiklash g‘oyalari, intilishlari, loyihalari Rossiyada kuchli edi va hali ham saqlanib qolmoqda.

Moskva yangi mustaqil davlatlarga, jumladan O‘zbekistonga ham o‘zining siyosiy va geosiyosiy irodasini o‘tkazishdan tortinmagan.

1995 yilda Rossiya Davlat Dumasiga saylovlar bo‘ladi. Saylovlarda Kommunistik partiya katta g‘alabani qo‘lga kiritadi. Yelsin tarafdori bo‘lgan “Nash dom – Rossiya” partiyasi esa bor-yo‘g‘i 10 foiz ovoz oladi. 1996 yilning mart oyida Duma SSSRni tiklash bo‘yicha ikkita qonun qabul qiladi. Biri “SSSR xalqlari integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha”, ikkinchisi “Belovej kelishuvi kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” edi. Tabiiyki, Rossiyadagi bu va boshqa kayfiyatlar O‘zbekistonni, boshqa yangi mustaqil davlatlarning xavotiriga sabab bo‘ladi.

1997 yilda Karimov “O‘zbekiston 21-asr bo‘sag‘asida” nomli kitob yozadi. Bu kitobda yettita yirik tahdidlar sanab o‘tiladi. “Mintaqaviy mojarolar”, “diniy ekstremizm va terrorizm”, “buyuk davlatchilik shovinizmi va agressiv millatchilik”, “etnik va millatlararo ziddiyatlar”, “korrupsiya va jinoyatchilik”, “mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik” hamda “ekologik muammolar” haqida gapiriladi.

Qisqa qilib aytganda, Karimov mintaqaviy mojarolar, hamda ekstremizm va terrorizm O‘zbekistonni bezovta qiladi, lekin bizni eng jiddiy xavotirga soladigan va mustaqilligimizga real tahdid bo‘lgan narsa bu – shovinizm, agressiv millatchilik, imperializm deya, faqat Rossiyani tilga oladi. Kitobning uchinchi bo‘limi faqat Rossiya tomonidan bo‘layotgan tahdidlarga bag‘ishlanadi.

Karimovning fikrlarini muxtasar qilsak, quyidagi xulosalar bildiriladi: Rossiya siyosiy elitasida, maxsus xizmatlarida, davlati tarkibida shunday kuchlar va kayfiyatlar borki, ular mustaqil davlatlarga yuqoridan qaraydi, o‘z imperiyasining tarkibi sifatida ko‘radi, doim qaram holatda ushlab o‘tirishni istaydi, va imkoniyat bo‘lsa – yana o‘z imperiyalarini tiklashni xohlaydi. Rossiya o‘z ta’sirini va bosimini ushlab turish uchun, yangi davlatlarning chegaralari bilan o‘yin qilishni o‘ylaydi, millatlararo ziddiyatlarni qo‘zg‘ab, gijgijlab, o‘rtakashlik qilish orqali o‘z loyihalarini amalga oshirishni istaydi. Shuningdek, rus imperializmi o‘zbek xalqida, mahalliy xalqlarda noqislik kompleksini yaratishga harakat qilgan, “qoloqlik” ruhiyatini singdirgan.