Jahon | 17:19 / 24.03.2025
2583
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh 15 ta davlatga yangi boj tariflar joriy etishni rejalashtirmoqda

Bojlar, ayniqsa, Qo‘shma Shtatlar bilan yirik savdo nomutanosiblikka bo‘lgan bir guruh davlatlarga nisbatan keskinroq bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

AQSh doimiy savdo nomutanosiblikka bo‘lgan 15 ga yaqin davlatdan iborat guruhga, jumladan, Rossiyaga ham «o‘zaro boj tariflarini» joriy qilishni rejalashtirmoqda, deb yozdi The Wall Street Journal. Yangi tariflar 2 apreldan kuchga kiradi, prezident Tramp bu kunni Qo‘shma Shtatlar uchun «Ozodlik kuni» deb atamoqda.

AQSh Moliya vaziri Skott Bessent so‘zlariga ko‘ra, bojlar, ayniqsa, Qo‘shma Shtatlar bilan yirik savdo nomutanosiblikka bo‘lgan bir guruh davlatlarga nisbatan keskinroq bo‘ladi. Federal reyestrdagi AQSh Savdo vakilining xabariga ko‘ra, ro‘yxatga Rossiya, Avstraliya, Braziliya, Kanada, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Meksika va Vetnam kiritiladi.

Oq uy dastlab avtomobillar, farmatsevtika mahsulotlari va yarimo‘tkazgichlarga sanoat uchun maxsus tariflar joriy etishni ko‘rib chiqqan edi, biroq manbalarga ko‘ra, bu choralar 2 aprelda e’lon qilinishi dargumon. Buning o‘rniga, ma’muriyat maqsadli mamlakatlarning har biriga moslashtirilgan tarif stavkalarini qo‘llashga e’tibor qaratadi.

Oq uy prezidentning iqtisodiy favqulodda vakolatlaridan foydalangan holda tariflar joriy qilishi mumkin, dedi muhokamalardan xabardor odamlar. Shu bilan birga, fevral oyida Oq uy vakili «o‘zaro bosh tariflari»ni tavsiflovchi hisobot 2 aprelda e’lon qilinishi mumkinligini, ammo ularning kiritilishi keyinroq sodir bo‘lishini aytgan.

Avvalgi xabarlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda mol go‘shti tanqisligi yuzaga kelgan, bu Tramp taklif qilgan yangi tariflar tufayli yanada kuchayishi mumkin. The Economist yozganidek, chorvadorlar import cheklovlaridan foyda ko‘rishi mumkin bo‘lsa-da, vaziyat oxir-oqibat murakkabroq. Narxlarning keskin o‘sishi fermerlarni yangi podalarga sarmoya kiritishdan ko‘ra o‘z zaxiralarini sotishga undashi mumkin. Shu bilan birga, iste’molchilar mol go‘shtiga muqobil variantlarni izlashni boshlagan.

Mavzuga oid