Quyida maktab toʻliq holda keltirib oʻtiladi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Biz, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadada yashayotgan vatandoshlaringiz, Sizga chuqur hurmat va samimiy minnatdorligimizni izhor etib, ushbu Murojaatni yoʻllamoqdamiz.

Yaqinda Filadelfiya va Nyu-York shaharlarida “Millat shavkati” kitobining taqdimot marosimlari boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirlar biz uchun okean ortida yashab, qalban Vatan bilan hamnafas boʻlgan vatandoshlarni bir maqsad va bir tuygʻu atrofida jamlagan muhim maʼnaviy voqeaga aylandi.

“Millat shavkati” kitobida tasvirlangan Yangi Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar, xalq farovonligi va mamlakat taraqqiyoti yoʻlidagi keng koʻlamli islohotlar, shuningdek, Oʻzbekistonning xalqaro maydonda tobora yuksalib borayotgan nufuzi haqidagi fikrlar vatandoshlarimizda katta qiziqish va mamnuniyat uygʻotdi.

Taqdimotlar davomida bildirilgan samimiy fikrlar, Vatanimizda kechayotgan oʻzgarishlarga boʻlgan yuksak qiziqish va vatandoshlarimiz qalbidagi faxr tuygʻusi bizga yana bir haqiqatni koʻrsatdi: okeanlar va minglab chaqirim masofalar bizni Vatandan ajrata olmaydi. Qayerda yashamaylik, barchamizni birlashtirib turadigan yagona va aziz Vatan Oʻzbekistondir!

Muhtaram Prezident!

Sizning rahbarligingizda bugun mamlakatimiz oʻz soʻzi, qatʼiy pozitsiyasi, ochiq siyosati va aniq taraqqiyot maqsadlariga ega davlat sifatida jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallab bormoqda. Biz, xorijda yashayotgan vatandoshlar, bu oʻzgarishlarni ayniqsa yaqqol his qilmoqdamiz.

Bir vaqtlar chet ellarda, xususan, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun Vatanga borish, oʻz yaqinlari bilan diydorlashish, Oʻzbekiston bilan erkin va yaqin munosabat oʻrnatish turli qiyinchiliklar bilan bogʻliq edi.

Bugun esa vaziyat tubdan oʻzgardi. Siz boshlab bergan ochiqlik va xalqparvarlik siyosati tufayli xorijdagi vatandoshlarga boʻlgan munosabat yangi bosqichga koʻtarildi. Ular bilan muloqot qilish, ularni eshitish, Vatan bilan aloqalarini mustahkamlash va ularning bilim, tajriba hamda imkoniyatlarini Oʻzbekiston taraqqiyotiga jalb etish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga koʻtarilayotgani bizga alohida gʻurur va mamnuniyat bagʻishlamoqda.