Rasmiy Tehron yadro dasturi borasidagi avvalgi bitimni tiklashdan bosh tortdi. Forslar yangi shartlar asosidagi kelishuvni talab qilmoqda. Xo‘sh, 10 yil oldin qabul qilingan, keyin Tramp bekor qilgan ko‘ptomonlama xalqaro shartnomada kim qanday majburiyat olgandi?

Eron AQSh bilan yadroviy kelishuvni qayta tiklashdan bosh tortdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi Birgalikdagi harakatlar rejasining hozirgi shaklda qayta tiklanishini rad etdi va yangi kelishuv zarurligini ta’kidladi.

Bu bayonot Eron pozitsiyasining tubdan o‘zgarganini ko‘rsatadi. Mamlakat yadroviy imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirgan, xalqaro izolyatsiyaga qaramay iqtisodiy moslashuv yo‘llarini topgan va G‘arb bilan muzokaralarda kuchliroq mavqega ega bo‘lishga urinmoqda.

Arakchi eski kelishuv formulasidan foydalanish mumkinligini aytdi, lekin aynan qanday o‘zgarishlar talab qilinayotganini ochiqlamadi. 2015 yilda imzolangan hujjatda, Eron va G‘arb o‘rtasidagi kelishuv real iqtisodiy manfaatlarga asoslangan edi. Ammo 2020 yildan buyon geosiyosiy vaziyat o‘zgargan.

Eski kelishuv qanday endi?

Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Birgalikdagi harakatlar rejasini 2015 yil 14 iyulda 7 ta davlat – Eron, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy imzolagan. Kelishuv BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan tasdiqlanib, 2016 yil yanvar oyida kuchga kirgan.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, Eronda uranni boyitish darajasi 3,6 foiz bilan cheklangan. Bu yadroviy qurol yaratish uchun yetarli emas, chunki bunga kamida 90 foiz daraja kerak. Uranni boyitish uchun ishlatiladigan sentrifugalar soni 19 mingdan 5 minggacha kamaytirilgan. Fardo, Notanz va Arak yadroviy obektlarida uranni boyitish faoliyati cheklangan yoki to‘xtatilgan. Yadroviy qurol yaratish uchun zarur bo‘lgan plutoniy ishlab chiqarish reaktorini qaytadan ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Kelishuvda BMT va Xalqaro atom energiyasi agentligi Eron yadroviy obektlariga keng qamrovli inspeksiya o‘tkazishi nazarda tutilgan. Har qanday yashirin yadroviy faoliyat aniqlansa, xalqaro jazo choralari qo‘llanishi mumkinligi belgilangan.

Buning evaziga AQSh va Yevropa Ittifoqi Eronning neft eksporti, bank tizimi va boshqa iqtisodiy sohalariga qarshi qo‘llagan sanksiyalarini bosqichma-bosqich olib tashlash majburiyatini olgan. BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan joriy qilingan sanksiyalar ham bekor qilingan. Eron muzlatilgan 100 milliard dollarlik aktivlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan.