Oq uyning Savdo va ishlab chiqarish siyosati boshqarmasi AQSH bojxona tariflarini chetlab oʻtish maqsadida tovarlarni uchinchi davlatlar orqali noqonuniy olib oʻtish muammosiga doir hisobot eʼlon qildi.
Hujjatda keltirilishicha, eksportchilar AQSH bozoriga tovarlarni olib kirishda yuqori tariflardan qochish uchun past tarifli uchinchi davlatlardan tranzit hudud sifatida foydalanishadi. Bu jarayon tovarlarni qayta qadoqlash, hisob-fakturalarni oʻzgartirish, yorliqlarini almashtirish yoki qisman qayta ishlash orqali mamlakatning asl kelib chiqishini yashirish orqali amalga oshiriladi.
Asosiy eʼtibor Xitoyning AQSH tariflarini chetlab oʻtish mexanizmlariga qaratilgan. 2018-yilda Xitoy tovarlariga bojlar oshirilgach, eksportchilar oʻz mahsulotlarini dunyoning 40 dan ortiq davlatlari orqali yashirincha olib kirish tarmogʻini yaratgan. Hozir boshqa davlatlar ham AQSH bojlaridan qochish uchun ushbu «Xitoy modeli»ni oʻzlashtiryapti.
Mualliflarning yozishicha, yuklarni yashirishning «Xitoy yashirin tarmogʻi» Amerikaning yirik savdo hamkorlarini, Janubi-Sharqiy Osiyoning koʻplab mamlakatlarini, shuningdek, «juda koʻp sonli» kichik davlatlarni qamrab oladi. Oq uy xavf xususiyatiga koʻra ularni 3 toifaga ajratadi:
Birinchi guruh: xilma-xil iqtisodiyotga ega yirik davlatlar. Bu toifaga Xitoy bilan bogʻliq tovarlarning mutlaq katta hajmini oʻtkazuvchi, diversifikatsiyalangan sanoat bazasiga va AQShga yoʻnaltirilgan yirik eksport platformalariga ega davlatlar va savdo bloklari kiritilgan. Mazkur yurisdiksiyalarda noqonuniy tranzit qonuniy savdo oqimlari ichiga yashiringan boʻladi. Davlatlar: Kanada, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Isroil, Yaponiya, Meksika, Janubiy Koreya va Tayvan.
Ikkinchi guruh: Xitoy bilan sezilarli iqtisodiy integratsiyaga ega davlatlar. Bu toifaga noqonuniy tranzit hajmi katta boʻlishi bilan birga, Xitoyning taʼminot zanjirlari, ishlab chiqarish platformalari, logistika tizimlari va qayta yoʻnaltirish kanallariga chuqurroq integratsiya qilingan mamlakatlar qoʻshilgan. Davlatlar: Braziliya, Indoneziya, Malayziya, Tailand, Turkiya va Vetnam.
Uchinchi guruh: Savdo hajmi kichikroq, ammo erkin hududlar va bojxona nazoratining zaifligi kabi qator qulayliklarga ega boʻlgan kichik iqtisodiyotlar. Bu toifaga 24 ta davlat kiritilgan: Oʻzbekiston, Argentina, Ozarboyjon, Bangladesh, Kambodja, Chili, Kolumbiya, Kosta-Rika, Dominikana Respublikasi, Gruziya, Iordaniya, Qozogʻiston, Keniya, Laos, Marokash, Myanma, Ummon, Panama, Peru, Filippin, Singapur, Shri-Lanka, Shveysariya va Birlashgan Arab Amirliklari.









