O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni Xo‘jand shahrida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari bir-birlarini muborak Ramazon hayiti hamda bahor uyg‘onishi va yangilanish ayyomi - Navro‘z bilan qutladilar, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Prezidentimiz Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlarini barcha masalalar uzil-kesil hal etilgani hamda Davlat chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan samimiy tabrikladi.

Ushbu hujjat, shuningdek, uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida imzolanayotgan shartnoma barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga, butun mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Tantanali ravishda ochilgan Do‘stlik stelasi esa qardosh mamlakatlar o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarining yangi ramziga aylanishi qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Eng avvalo, bu oliy darajadagi faol va ishonchli aloqalarni davom ettirishdir.

Shu hafta Samarqandda «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti va mintaqadagi umumiy ekologik tahdidlarga bag‘ishlangan Iqlim forumi bo‘lib o‘tadi.

May oyida Ko‘rfaz arab davlatlari bilan sammit, sentabr oyida esa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi.

Shu munosabat bilan, bo‘lajak tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun tashqi ishlar vazirliklari orqali muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Chegaradosh hududlarning hamkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘n karradan ziyodga oshgani qayd etildi. Bu hajmning deyarli yarmi chegaraoldi hududlarga to‘g‘ri keladi.

Shu bois chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Uch tomonlama savdo maydonchasini tashkil etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan ko‘rgazma-yarmarkasini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganish taklif etildi.