Bu haqda Deutsche Welle NATOning noma’lum yuqori martabali amaldoriga tayanib xabar berdi.

Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi kuniga (halok bo‘lganlar va yaralanganlar qo‘shib hisoblanganda) ming nafardan ortiq harbiyni yo‘qotmoqda. Uning ta’kidlashicha, yaralangan ko‘plab rossiyalik askarlar sifatsiz tibbiy xizmat tufayli nogironlikka uchragan. Bu ma’lumotlar NATO tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi uchrashuvi doirasida ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, NATO vakili Rossiya qo‘shinlarida yo‘qotishlarni qisqa muddatda to‘ldirishga muvaffaq bo‘layotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasining Ukrainadagi harakat tempi pasaymoqda, yo‘qotishlar esa ortmoqda. Ammo «Rossiya hukumati sekin ilgarilash evaziga katta yo‘qotishlarga tayyorligini namoyon qilmoqda». NATO vakilining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya jamiyati hozircha bu darajadagi qurbonlar sonidan ommaviy norozilik bildirishga tayyor emas.

Internetdagi nekrologlar va ochiq manbalar orqali shaxsan aniqlangan halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni ham 100 mingdan oshib ketdi. Ularning 4842 nafari — ofitserlar. Halok bo‘lganlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda — Boshqirdiston. Respublikadan frontga jo‘natilganlar orasida 4487 kishi halok bo‘lgan. Ikkinchi o‘rinda — Tatariston (4 371 tasdiqlangan halok bo‘lgan). Uchinchi o‘rinni esa Sverdlovsk oblasti egallamoqda — 3446 qurbon.