Rossiya harbiylari tomonidan yangi hujumga tayyorgarlikning dastlabki belgilari qish oxirida sezila boshlagandi.

Donbassda esa rossiyalik harbiylarning faolligi susaygan, Ukraina qurolli kuchlari ba’zi uchastkalarda hatto qarshi hujumlar uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan.

Bularning bari Rossiya qo‘shinlari tin olib, navbatdagi katta maqsad uchun kuch to‘playotganini ko‘rsatadi.

Ruslarning yangi hujumi boshlanishi

Mart oyi oxirida Volodimir Zelenskiy Rossiya harbiylari yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgandi. Gap, birinchi navbatda Ukrainaning sharqiy oblastlari haqida ketgandi, go‘yoki Rossiya armiyasi 2025 yil yozida mazkur hududda yana hujumga o‘tishni rejalashtirgan.

«Putin vaqtdan yutishga harakat qilmoqda va bahorgi hujumga tayyorlanmoqda. Biz bu operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ko‘rib turibmiz va o‘z razvedka ma’lumotlarimizni ittifoqchilar bilan baham ko‘rdik. Vaziyatga katta ochilgan ko‘z bilan qarash kerak. Putin yangi hujumga tayyorlanmoqda, xususan, Sumi va Xarkiv oblastlarida», – degandi Zelenskiy Le Figaro nashriga.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bu ma’lumotni tasdiqlab, LB.ua nashrida 9 aprel kuni chiqqan intervyusida ushbu hujum «amalda boshlanib ketgani»ni ta’kidladi.

Ukraina bosh shtabi rahbariyatidagi manbaning BBC Ukraina xizmatiga tushuntirishicha, mart oyi oxiridan beri frontning barcha uchastkalarida harbiy to‘qnashuvlar soni ortgani Rossiya operatsiyasi boshlanganidan dalolat berishi mumkin.

Rossiyaliklarning hujumkor harakatlari soni ikki baravardan ko‘proqqa oshgan va yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkichga chiqqan. Agar mart oyi boshida kuniga yuzga yaqin to‘qnashuv kuzatilgan bo‘lsa, oy oxiriga kelib kuniga 200 dan ortiq to‘qnashuvlar qayd etila boshlagan.

Aprel oyida esa o‘rtacha ko‘rsatkich 150-160 darajasida saqlanib qoldi.

Zelenskiy Ukraina harbiylarining Sumi oblastidagi pozitsiyalariga 3 aprel kuni qilgan safarida

Bosh shtabdagi suhbatdoshning hisoblashicha, «Rossiya yurishidagi keskinlashuv» taxminan may oxiri, iyun boshida ro‘y berishi mumkin.