Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 9 may kuni munosabati bilan öt oçişni töxtatiş taşabbusiga töğridan töğri reaksiya körsatmaganini «manipulyatsiya» deb atadi.

«Manipulyatsiya – bu prezident Putinning taşabbusiga töğridan töğri javob bermaslik. Bu manipulyatsiyadan ham badtar. Lekin baribir Rossiya prezidentining tinçlik taşabbusi öz bahosini olişiga umid qilamiz. Çunki Yevropa poytaxtlaridan bu taşabbusga berilgan bahoni eşitmadik, Ukrainadan javobni eşitmadik. Bu yerda kim haqiqatan ham tinçlikka intilayotgani va kim uruş himoyaçisi ekani aniq böladi», – dedi Peskov.

Rossiya 8 may yarim tundan 11 may yarim tungaça bölgan vaqt oraliğida sulh e’lon qildi. Kreml xabariga köra, öt oçişni töxtatiş Ukraina rasmiylarining roziligi yoki rad etişidan qat’i nazar, bir tomonlama böladi – biroq unda Ukraina «bundan örnak oliş»ga çaqirilgan, şuningdek, agar öt oçişni töxtatiş rejimi Ukraina tomonidan buzilsa, Rossiya qurolli kuçlari «adekvat va samarali javob qaytarişi» qayd etilgan.

Kiyevdagilar taklifni tanqid qilişdi. Dastlab Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga Rossiya «haqiqatan ham tinçlikni istasa», zudlik bilan öt oçişni töxtatişi mumkinligini aytdi. Keyin xuddi şunday bayonot Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan berildi. «Biz paradlarni emas, insonlar hayotini qadrlaymiz. Aynan şuning uçun biz 8 mayni kutiş uçun heç qanday sabab yöq deb hisoblaymiz», – dedi u.

Zelenskiy, şuningdek, Putinni «navbatdagi manipulyatsiyaga uriniş» va tinçlikni emas, balki faqat «parad paytida sukunatni ta’minlaş»ni istaşda aybladi. U 30 kunlik öt oçişni töxtatiş sulhi tuzişga çaqirdi, biroq Moskva uzoq muddatli öt oçişni töxtatişdan boş tortgan taqdirda, Ukraina armiyasi Putin taklif qilgan sulh rejimiga rioya qiliş-qilmasligiga aniqlik kiritmadi.

Peskov bugun Zelenskiyning 30 kunlik öt oçişni töxtatiş haqidagi bayonotlariga izoh berarkan, bunday sulh «prezident Putin aytgan nyuanslar» hisobga olingan taqdirda mumkin bölişini aytdi.

30 kunga öt oçişni töxtatiş ğoyasi AQŞ prezidenti Donald Tramp tomonidan mart oyidayoq taklif qilingan edi. Ukraina hukumati darhol bunga tayyorligini bildirgan. Putin ham sulhga roziligini e’lon qildi, biroq u «nyuanslar» borligini aytdi – xususan, uzoq muddatli öt oçişni töxtatiş rejimi ustidan nazorat ta’minlanişi kerakligini. Şundan beri, AQŞ va Yevropa iştirokidagi tinimsiz muzokaralarga qaramay, bu masalalarni hal qilişda oldinga siljiş kuzatilmadi.

Ğarb naşrlari Putinning öt oçişni töxtatişga rozi bölmagani Trampning noroziligiga sabab bölayotgani haqida bir neça bor xabar tarqatgan. Bunday xabarlar fonida Putin kutilmaganda Pasxa munosabati bilan bir yarim kun muddatga öt oçişni töxtatişini e’lon qildi. Ukraina ham bu taklifga rozi böldi. Keyinçalik tomonlar bir neça bor bir-birini sulh rejimi buzilişida aybladi, ammo umuman olganda, ma’lum soatlarda harbiy harakatlar intensivligi haqiqatan ham pasayganini tan olişdi.