Ukraina Milliy gvardiyasi Sumi oblastidagi mashg‘ulot lageriga rossiyaliklar tomonidan berilgan zarba oqibatida olti harbiy halok bo‘lgani, 10 dan ortiq askar yaralanganini ma’lum qildi. Bir kun avval Rossiya mudofaa vazirligi navbatdagi raketa hujumi bilan o‘nlab ukrain harbiylari o‘ldirilganini xabar qilgandi.
Milliy gvardiya zarba 20 may kuni «harbiy qismning o‘q otish maydonida mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgan vaqtda» berilganini tasdiqladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi bir kun oldin Sumi oblastidagi Shostka aholi punkti yaqinida «Ukraina qurolli kuchlari maxsus kuchlarining 1-brigadasi tayyorgarlik lageri aniqlangani», shundan so‘ng «Iskander» raketa majmuasi orqali zarba berilganini ma’lum qilgandi.
Rossiya harbiylari ma’lumotida zarba oqibatida o‘nlab harbiylar halok bo‘lgani keltirilgandi.
«Fojia yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Harbiy qism komandiri lavozimidan chetlashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga zarur ma’lumotlar taqdim etildi. Tergov doirasida tegishli qaror qabul qilgan barcha shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi», – deyiladi Ukraina Milliy gvardiyasi bayonotida.
Kreml xabarlariga ko‘ra, 20 may kuni Kursk oblastiga tashrif buyurgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin zarbaga izoh bergan.
«Interfaks»ning yozishicha, Putin bilan uchrashuvda dron operatori ishtirok etgan, u Sumi oblastining Shostka aholi punkti hududida amalga oshirilgan razvedka chog‘ida Ukraina qurolli kuchlarining shaxsiy tarkibi aniqlangani, shundan keyin bu joyga «Iskander» tomonidan zarba berilganini ma’lum qilgan.
«Chegara tomon harakatlanishga urinishmoqda. Mayli, bu alohida mavzu», – degan Putin.
Milliy gvardiyaga ko‘ra, Ukraina harbiy qo‘mondonligi oldinroq harbiylar guruhlariga zarba berilishi oqibatida qurbonlar bo‘lishining oldini olishga qaratilgan qoidalar joriy etgandi.
«Yana qancha odam halok bo‘lishi kerak?»
Sumi oblastidagi fojia ukrainlar orasida keskin reaksiya keltirib chiqardi, deya yozadi BBC Ukraina xizmati.
Ukraina Oliy radasi deputati Oleksiy Goncharenko rossiyalik harbiylar go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari lagerida kuzatuv olib borganini aytgan. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, hudud ustida uzoq vaqt davomida dron harakatlangan, aynan ushbu qurilma nishonni belgilab, zarbani yo‘naltirgani taxmin qilinmoqda.

















