Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6 iyunga o‘tar kechasi Rossiya «deyarli butun Ukraina bo‘ylab» zarbalar berganini aytdi. Xususan, Volin, Lviv, Ternopol, Kiyev, Sumi, Poltava, Xmelnitskaya, Cherkass va Chernhiv oblastlari hujumga uchragan.
Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari spikeri Yuriy Ignatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari shimoliy hududlardan zarbalar bergan va dronlar Ukraina g‘arbiga yopirilib borgan.
Ignatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga ballistika, havo va quruqlikdagi qanotli raketalar, shuningdek, ko‘p sonli zarbdor dronlar hamda imitator dronlar bilan hujum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari 30 tagacha raketa va 200 tagacha dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan.
«Umuman olganda, rossiyaliklar bugun mamlakatimiz hududi bo‘ylab 407 ta zarbdor uchuvchisiz uchish apparatini qo‘lladi. Shuningdek, dushman tomonidan 6 ta ballistik raketa qo‘llangani haqida ma’lumot bor. Yana 38 ta qanotli raketa, ularning aksariyati yo‘q qilindi», – deya Yuriy Ignatning so‘zlarini keltiradi RBK-Ukraina.
Ukraina hududida yopirilma hujum tungi soat birdan ertalabki soat 5 gacha davom etdi.

Hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, ellikka yaqin kishi yaralandi.
Kiyevda ko‘p qavatli turar joy binosi, ta’lim muassasasi, metropoliten va boshqa fuqarolik infratuzilmasi obektlari zarbaga uchragan. Shaharda ikki mingdan ortiq kishi elektrsiz qoldi.
Chernihivda Rossiya hujumlari chog‘ida to‘rt kishi yaralangan. Ko‘p qavatli va xususiy uylar, korxona va infratuzilma obektlariga zarar yetgan. Ko‘plab turar joy binolarida elektr energiyasi yo‘q.
Poltava oblastida Rossiya hujumlaridan yana uch kishi jabrlandi, u yerda ma’muriy binolar, korxonalar, omborlar zarba ostida qolgan. Xmelnitskaya oblastida dronlar hujumi natijasida xususiy uylarga zarar yetgan.
Lviv oblastida hujum oqibatida sanoat obekti shikastlangan.
Rossiya mudofaa vazirligi tunda amalga oshirilgan yopirilma hujumni «Kiyev rejimining terrorchilik harakatlariga javob» deb atadi. Ukrainaga zarbalar «havo, dengiz va quruqlikdagi uzoq masofali qurollar, shuningdek, zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparatlari» bilan berilgani aytiladi harbiy idora xabarida. Shuningdek, hujum nishonlari «Ukraina qurolli kuchlarining zarbdor uchuvchisiz uchish apparatlarini yig‘ish ustaxonalari, qurol-yarog‘ va harbiy texnika omborlari» kabi harbiy korxonalar bo‘lgan.



















