Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatida o‘ynaydigan bo‘ldi. BAAga qarshi o‘tgan oxirgi o‘yin taassurotlari, guruhdagi holatdan kelib chiqib tanlangan taktika, aeroportdan qaytgan muxlislar, Shukurov “effekti”, mundialga chiqish uchun avvalgi urinishlar, murabbiylar almashishining jamoa o‘yiniga ta’siri hamda Shomurodovning milliy jamoadagi o‘rni haqida milliy jamoa himoyachisi Rustam Ashurmatov va futbol sharhlovchisi Hasan Turdialiyev bilan suhbatlashdik.

BAAga qarshi o‘yin yakunidagi eyforiyani oldin ham hech his qilganmisiz?

– Yo‘q, buni, bu emotsiyani so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Lekin siz aytib o‘tgandek, bu narsani oldin his qilib ko‘rmaganman. To‘g‘ri, xursandchiliklar bo‘lgan, yaxshi kunlar bo‘lgan, lekin hatto o‘sha Osiyo chempioni bo‘lganimizda ham, to‘g‘ri xursand bo‘lganmiz boshida, hatto o‘sha o‘yinda gol ham urish nasib etgan edi, lekin baribir milliy jamoaning g‘alabasi boshqa bo‘lar ekan. Ich-ichingizdan xursand bo‘lasiz. Uni so‘z bilan ta’riflash, menimcha, ilojsiz.

Oxirgi o‘yin borasida fikrlaringiz qanday? BAAga qarshi shunday o‘yin kutilganmidi?

Ha, o‘yinimiz sifati hozir kutilgan darajada emas, lekin bosim, hammasiga sabab bosim, deb Telegram-kanalimda ham post qoldirdim. Menimcha, futbolchilar ham bosimni his qilishgan.

Rustam bu fikrga siz nima deysiz? Bosim kattamidi?

Endi bosim bo‘lmadi, lekin hayajon bor edi. Sababi baribir katta o‘yin, O‘zbekiston tarixidagi eng katta o‘yinlardan biri desak ham bo‘ladi. Shuning uchun bosimdan ko‘ra ko‘proq hayajon o‘yin boshida bo‘ldi. Endi bu har bir o‘yindan oldin bo‘ladi, bu normal holat. O‘sha 10-15 daqiqadan keyin bu o‘zidan o‘zi o‘tib ketadi. O‘yinga to‘liq kirib ketasiz. Eng muhimi, shu boshidagi 15 minutni yaxshi o‘tkazib olish, deb murabbiylarimiz ko‘p aytishadi. Undan keyin futbolchilar ochiladi, hamma o‘zini-o‘zi yaxshi his qilib boshlaydi.

Hasan Turdialiyev:

O‘z tajribamdan kelib chiqib aytsam, ikkinchi taym boshidagi konsentratsiya ham sal pand beradi.Har doim o‘yin boshidagi birinchi taym, ikkinchi taym avvali qiyin bo‘ladi. Lekin o‘sha ikkita vaqtdan o‘tib olsak, rostdan ham buyog‘iga o‘yin nazoratini qo‘lga olishimizni taxmin qilgandik.

O‘sha jonli efir jarayonida ham gapirdik. Chunki futbolchilarimizning sifatini yaxshi bilamiz. Eron bilan bo‘lgani kabi sifatli o‘yin ko‘rmagandirmiz, lekin futbolchilarimiz bundan ko‘piga qodirligini bilardik.