Kelasi yil yozda AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida milliy jamoalarga beriladigan mukofot pulining umumiy summasi 896 mln dollarni tashkil etadi. Bu – tarixda kuzatilmagan rekord ko‘rsatkich. Xo‘sh, O‘zbekiston milliy jamoasi musobaqada qatnashish orqali qancha pul ishlab topadi?

Kelasi yil mana shu kunlarda o‘zbekistonlik futbol muxlislari o‘z orzularining ro‘yobiga guvoh bo‘ladi: milliy jamoa Jahon chempionatida debyut qiladi. Kun.uz bu debyutning moliyaviy jihatlariga e’tibor qaratdi: xo‘sh, futbol bo‘yicha eng nufuzli musobaqada qatnashish O‘zbekiston futboliga qancha daromad keltiradi?

Oxirgi mundialda milliy jamoalarga qancha to‘langan?

Qatarda o‘tkazilgan 2022 yilgi jahon chempionatida milliy jamoalarga berilgan mukofot pulining umumiy summasi 440 mln dollarni tashkil etgandi. Bu hozirgacha qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. 3 yil oldin ishtirokchilarning har biri quyidagicha miqdorlarda mukofotlangan:

  • Guruh bosqichidan o‘ta olmagan jamoalar – 9 mln dollar;
  • Nimchorak finalchilar – 13 mln dollar;
  • Chorak finalchilar – 17 mln dollar;
  • 4-o‘rin (Marokash) – 25 mln dollar;
  • 3-o‘rin (Xorvatiya) – 27 mln dollar;
  • 2-o‘rin (Fransiya) – 30 mln dollar;
  • Jahon chempioni (Argentina) – 42 mln dollar.

Har bir milliy jamoaga tayyorgarlik jarayoni uchun ham 1,5 mln dollardan ajratilgan.

Bundan tashqari, FIFA Jahon chempionati paytida futbolchilarini milliy jamoalarga yuborgan klublar uchun alohida kompensatsiya to‘laydi. Xususan, Qatardagi mundialda bu miqdor umumiy 209 mln dollarni tashkil etib, pul 400 dan ortiq klubga tarqatilgan. Bunda klublarga har bir futbolchi uchun kuniga 10 ming dollar atrofida pul to‘langan. Bu pullar futbolchining nafaqat hozirgi, balki so‘nggi 2 yilda o‘ynagan barcha klublariga taqsimlangan.

Rekord yangilanadi

AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tkaziladigan 2026 yildagi musobaqa ishtirokchilar soni 32 ta emas, ilk marta 48 ta bo‘ladi. Jamoalar 4 tadan bo‘lib, 12 ta guruhga bo‘linadi, har bir guruhning g‘olibi va ikkinchi o‘rin sohibi, shuningdek, uchinchi o‘rinni egallagan 8 ta eng yaxshi jamoa keyingi bosqichga o‘tadi. Shu jihatdan, umumiy o‘yinlar soni ham 64 tadan 104 taga ko‘payadi.