25 iyun kuni kechqurun Donald Tramp OAV vakillari bilan to‘lib-toshgan zalga chiqqanida, bunga shubha qolmadi: u uchrashuv natijalaridan juda mamnun edi. AQSh prezidenti hazil qildi, iliq qabul uchun Niderlandiyani alqadi (ayniqsa, mahalliy daraxtlarga yuqori baho berildi) va jurnalistlarga Eron bo‘ylab muvaffaqiyatli zarbalar haqida so‘zlab berdi.

Mark Ryutte (bu uning NATO bosh kotibi sifatida ilk sammiti edi) ham Trampni ko‘klarga ko‘tarib maqtadi. Alyans rahbari lavozimiga u turli odamlar, jumladan, Tramp bilan ham til topisha oladigan amaliyotchi sifatida kelgandi. Ryutte bunday reputatsiyaga munosib bo‘lishga harakat qildi.

NATO mamlakatlari rahbarlari yig‘ilishi boshlanishidan oldin AQSh prezidenti bosh kotib o‘ziga «qadrli Donald» deb murojaat etgan va shunday so‘zlar yozilgan shaxsiy xabarni namoyish etdi: «Siz o‘nlab yillar mobaynida Amerikaning BIRORTA prezidenti uddalay olmagan ishni uddaladingiz».

Gap sammit a’zolarining mudofaa uchun xarajatlarni oshirish bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishgani haqida ketmoqda. «Yevropa KATTA MIQDORda to‘laydi, shunday bo‘lishi ham kerak edi va bu sizning g‘alabangiz», – deya yozgan bosh kotib.

Ryutte BBC uchun bergan izohida bu xabari ommaga e’lon qilinishidan noqulay ahvolga tushmaganini bildirgan. «Mutlaqo xijolatpazlik yo‘q. Chunki bu xabardagi gaplarning barchasi – haqiqat», – deya javob qaytargan u.

Mark Ryutte Donald Trampni maqtovlarga ko‘mmoqda
Andrew Harnik/Getty Images

Keyinroq, muxbirlar qarshisida ekanida Ryutte bu pozitsiyasini davom ettirib, Trampning metaforasiga taqlid qilgan holda AQSh prezidentini ba’zida urushayotgan bolalarini ajratishiga to‘g‘ri keladigan «otaxon» deb atadi.

NATO bosh kotibidan bunday iboralarni eshitishga odatlanmagan jurnalistlar yakuniy matbuot anjumanida Ryuttedan oshkora xushomad sababini so‘rashdi. Bu did masalasi, lekin umuman olganda, Tramp – yaxshi do‘st», – deya javob bergan u.

Ittifoqchilar (hozircha hamma emas) xarajatlarni oshirishga tayyor

Trampning sammitdagi ajoyib kayfiyatining asosiy sababi aniq edi: Vashington NATO davlatlarining mudofaa xarajatlarini 5 foizgacha oshirish majburiyatini olishga muvaffaq bo‘ldi.