AQSH prezidenti Donald Tramp hokimiyatga kelishidan oldin Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushni 24 soat ichida yakunlashni vaʼda qilgandi, ammo uning tashabbusi bilan boshlangan tinchlik muzokaralarida hamon sezilarli siljish boʻlmayapti. Donald Tramp muntazam ravishda keng koʻlamli bosqinning ilk kunlari haqida ham fikr bildirib keladi – har safar detallarni oʻzgartirib, Rossiyaning Kiev tomon yurish qilgan, ammo loyga botib qolgan tanklarini tilga oladi.

20-oktabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chogʻida AQSH prezidenti yana bir bor ushbu tarixni esga olib, bu safar rossiyalik generallardan biriga alohida eʼtibor qaratdi.

Rossiyalik ahmoq general, juda ahmoq odam. Ular minglab tanklar bilan beton avtomagistral boʻylab harakatlanishayotgandi. Ularni hech narsa toʻxtata olmasdi. Urush bir kunda tugagan boʻlardi. Ammo bu kaltafahm general – uning kimligini ham bilmayman, u hozir tirikligiga shubham bor, u hamon biz bilan ekani dargumon – oʻngga, dalalar tomon yoʻl soladi, keyin chapga buriladi va Kiev tomon harakatlanadi. Shosseda, beton avtomagistralda, shu vaqtgacha juda yaxshi harakatlanib kelgan yoʻlda qolish oʻrniga u shunday qarorga keladi. Yakunda tanklar loyga botib qoladi.

BBC rus xizmati Trampning bu soʻzlarini tekshirib qoʻygan va quyidagicha xulosaga kelgan. 2022-yil fevralida Belarusdan kirib kelgan Rossiya qoʻshinining Kiev tomon yurishiga general-polkovnik Aleksandr Chayko boshchilik qilgandi. Nashrning qayd etishicha, yurish muvaffaqiyatsizlikka uchrashining sababi uning katta yoʻldan chetga chiqish qarori bilan bogʻliq emasdi.

Kievga yurish ukrain harbiylari tomonidan toʻxtatilgandi. 2022-yil 26-fevralida Ukraina qurolli kuchlari poytaxt tashqarisidagi Irpin daryosi orqali oʻtgan koʻprikni portlatadi, Rossiya qoʻshini suv toʻsigʻini aylanib oʻtishga uringanida esa Kozarovitskaya toʻgʻoni buzib tashlanadi. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Buchada tizilib turgan zirhli texnikalari kolonnasini yakson qiladi. Rossiya armiyasi jiddiy yoʻqotishlarga uchraydi va qoʻmondonlik Belarusdan qoʻshimcha kuchlarni yordamga olib kirishga majbur boʻladi.

Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA

Yurish muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin Chayko qoʻmondonlikdan olinadi va Rossiyaning Suriyadagi kontingentini boshqarish uchun yuboriladi. U 2025-yil iyuniga qadar oʻsha yerda qoladi, bu vaqtda mamlakatda davlat toʻntarishi roʻy beradi va prezident Bashar Asad hokimiyatni qoʻldan boy berib, Moskvaga qochadi.