Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yil I yarim yillik yakuni bo‘yicha kutilayotgan dastlabki makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar to‘g‘risida Kun.uz'ga ma’lumot berdi.

Makroko‘rsatkichlar

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida iqtisodiyot va tarmoqlarida erishilgan va kutilayotgan natijalardan yalpi ichki mahsulot hajmi 6,7-6,8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Xususan:

  • sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 6,3 foiz;
  • bozor xizmatlari – 13,5 foiz;
  • qishloq xo‘jaligi – 4 foiz;
  • qurilish ishlari – 9,7 foizga o‘sishi kutilyapti.

Inflatsiya darajasi yil boshiga nisbatan 4,2 foizni (2024 yilning ­mos davrida – 5,2 foiz) yoki yillik hisobda 8,7 foizni (10,6 foiz) tashkil qildi.

Davlat budjeti daromadlari 144,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,4 trln so‘m yoki 27,8 foizga ko‘p.

Yarim yillikda budjet xarajatlari 13,1 foizga o‘sib, 173,3 trln so‘mga yetdi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan jami 1,6 mlrd dolllarlik resurslar ajratildi.

Sanoat tarmoqlari

6 oylik sanoat ishlab chiqarishi 460 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.

Yirik korxonalar tomonidan 56,7 tonna oltin (o‘sish – 3,8%), 80 tonna kumush (16%), 24,7 mln kv m oyna (1,3 barobar), 7 mln tonna sement (10,1%), 29 mln kv m gipsokarton (13,4%), 360 mln kv m ip gazlama (12,3%), 438 mln dona trikotaj mahsulotlari (9,2%), 112 ming tn trikotaj mato (8,4%) ishlab chiqarildi.

Bunda, respublika tovar-xomashyo birjasi bitimlari hajmi 1,3 barobarga (82,7 trln so‘mgacha) oshdi.

Hududlar kesimida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Jizzax (11,8%), Navoiy (10,7%), Xorazm (9,4%), Namangan (9%) va Qashqadaryo (7,2%) viloyatlarida yuqori o‘sish kutilmoqda.

Bunda, hududlarda faoliyat ko‘rsatmayotgan 4,5 mingta sanoat korxonasi faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilib, 112 mlrd so‘mlik quvvat yaratildi va 7 mingta ish o‘rni tiklandi.

Eksport

Joriy yilning I yarim yilida eksport hajmi 16,9 mlrd dollarni (o‘sish – 33%) tashkil etdi. Bunda, tovar va xizmatlar eksporti (maxsus eksporsiz) 23 foizga oshdi (10,4 mlrd dollar).