«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi 15–16-oktabr kunlari mamlakatning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev hamrohligida boʻlib oʻtgan.
Unda Larsen & Toubro vitse-prezidenti Rajan Bansal, Adani Group’ning Oʻzbekistondagi loyihalar boʻyicha maxsus vakili Anand Kumar hamda Reliance Industries’ning xalqaro aloqalar boʻyicha direktori Mahesh Kumar ishtirok etgan.
Tashrif 12-oktabr kuni prezident raisligida Yangi Toshkentga xorijiy investorlarni jalb qilish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan vazifalar doirasida tashkil etilgan.
Yangi Toshkent direksiyasi rahbariyati mehmonlarga shaharni rivojlantirish rejalari va sarmoya kiritish imkoniyatlarini taqdim etgan. Muhokamalarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, markazlashgan issiqlik taʼminotini yoʻlga qoʻyish, turar joy va noturar joy majmualari, yirik tijorat obyektlari hamda zamonaviy savdo-koʻngilochar markazlar qurish masalalari koʻrib chiqilgan.
Taqdimotlarda shaharsozlikning zamonaviy tamoyillarini qoʻllash, ilgʻor texnologiyalar va xalqaro tajribani joriy etishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Hindiston kompaniyalari vakillari loyihalarni batafsil oʻrganib, hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha oʻz takliflarini tayyorlash niyatini bildirgan. Tomonlar muzokaralarni davom ettirishga kelishib olgan.
Tashrif doirasida delegatsiya prezident raisligida oʻtkazilgan Yoqilgʻi-energetika tarmogʻi investorlari kengashining birinchi yigʻilishida ham qatnashgan. Unda Reliance Industries vakili Mahesh Kumar Oʻzbekistonda quyosh elektr stansiyalarini qurish va elektr energiyasini saqlash tizimlarini joriy etish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
















