Unda O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va hamshiralarni Bahraynga ishga jalb etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Vazir Jalila bint as-Sayyid Javod Hasan ikki qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini qayd etish barobarida, barcha yo‘nalishlarda, xususan tibbiyot sohasida yanada rivojlantirish uchun ishga solinmagan salohiyat borligini bildirdi.
O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasida erishayotgan yutuqlari, yosh kadrlarni tayyorlash bo‘yicha samarali natijalari alohida qayd etildi. Shuningdek, ushbu sohada O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirildi.
Bahrayn bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va oilaviy tibbiyot markazlarida davolash ishlarini tashkil etish yo‘nalishida tajriba almashish xususida fikr almashildi.
Bundan tashqari, ikki mamlakat sog‘liqni saqlash idoralari o‘rtasida anglashuv memorandumini ishlab chiqish va imzolashni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.











