Hamas harbiy qanoti Al-Qassam brigadasi so‘zchisi Abu Ubayda 18 iyul kuni «Isroil G‘azoda saqlanayotgan barcha asirlarni ozod qilishni nazarda tutgan otashkesim bitimini rad etgani» hamda agar kelishuvga erishilmasa, harakat uzoq davom etadigan urushga tayyor ekanini bildirib, bayonot berdi.

Al-Jazeera nashrining yozishicha, guruh so‘nggi oylarda barcha asirlarni birdan ozod qilishga qaratilgan «kompleks kelishuv» taklif qilganini, biroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning o‘ta o‘ngchi vazirlari tomonidan rad etilgan.

Foto: Reuters

Abu Ubaydaning aytishicha, agar Isroil hozirda Qatarda davom etayotgan bilvosita muzokaralarni tark etsa, Hamas hech qanday qisman kelishuvlarga, jumladan, hozir muhokama qilinayotgan 60 kunlik bitimga qaytishni kafolatlamaydi. Bu kelishuvga ko‘ra, 10 nafar asir ozod etilishi kerak edi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa «garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha bitim va 60 kunlik o‘t ochmaslik kelishuvi ustida harakat qilayotganini, ammo Hamas bu takliflarga hozircha javob qaytarmaganini» aytdi.

Foto: Getty Images

Hamasning ikki rasmiysi Reuters agentligiga bergan izohida Isroil armiyasining chekinish xaritasi, G‘azoga gumanitar yordam yetkazish mexanizmi va urushni yakunlovchi kafolatli shartlar yuzasidan hanuz kelishuvga erishilmaganini ma’lum qildi.

Hamas pozitsiyasiga ko‘ra, har qanday bitim urushni yakunlashi kerak. Netanyahu esa faqat Hamas qurolsizlantirilib, uning yetakchilari G‘azodan chiqarilgandagina urush tugaydi, degan fikrda turib olgan.

Trampning va’dalari

18 iyul kuni Oq uyda kongressmenlar bilan kechki ovqat chog‘ida so‘zga chiqqan AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azodan yana o‘n nafar garovga olingan shaxs tez orada ozod etilishi kutilayotganini ma’lum qildi. Bu xabar Isroil va Hamas o‘rtasida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga muzokaralari davom etayotgan bir paytda yangradi.