O‘zbekistonda 2025 yilning 6 oyida moratoriy tufayli 450 mingdan ortiq daraxtni kesish haqidagi arizalarga rad javobi berilgan. Shunday bo‘lsa-da, minglab qimmatbaho daraxtlarni kesib tashlash davom etmoqda. Xo‘sh, yurtdoshlarimiz daraxtlar yo‘qotilayotganining ta’sirini nimalarda sezyapti? Kun.uz muxbiri bu borada kichik so‘rovnoma o‘tkazdi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan so‘rovnoma ishtirokchilari daraxtlar kesilishi sabab havoda chang miqdori oshgani, salqin joylar kamayganini aytdi.
“Chang bor. Nima uchun daraxtlar ko‘chalarning yuziga ekiladi? Shovqindan saqlash va changni ushlash uchun. Biz o‘simliklarni, daraxtlarni qancha ko‘p sug‘orsak, chang o‘z-o‘zidan kamayadi”.
“Mana, nafasimiz qisyapti, havo yetishmaydi. Daraxt ko‘p bo‘lsa, kislorod bo‘ladi. Havo yaxshi emas. Yuragimiz og‘riydi, ko‘chaga chiqa olmaymiz”.
“O‘zim navoiylikman, respublika bo‘yicha hamma joy cho‘llashyapti, suv kamaygan. O‘sha Buxoro, Navoiyga borsangiz, daraxt yo‘q, qurib, cho‘l bo‘lib ketgan hamma joy”, – deydi suhbatdoshlar.
Respondentlarning ayrimlari allergiyaga chalinganini ekologiyaning umumiy yomonlashuvi, xususan daraxtlar kesilishiga bog‘ladi. Shuningdek, ba’zilar bolalar orasida allergiya ko‘payganiga urg‘u berdi.
“Burundan sezsa bo‘ladi o‘zi. Har kuni avtobusda ishga borib kelaman, bekatgacha 15 daqiqa piyoda yuraman. Shu kunlarda, ayniqsa yoz, bahor paytlarida burun changga to‘lib qoladi, achishib ketadi. Albatta, ishga borgandan keyin bir marta yuzimni yuvmasam bo‘lmaydi”, – deydi bir respondent.
Biz odamlardan daraxt kesganlarga qanday jazo berish kerakligi haqida ham so‘radik. Ular jazoni mas’ul tashkilotlar belgilashini, muhimi qonun amalda ishlashi kerakligini aytishdi.
“Jazo uncha-muncha qo‘llanmayapti-ku. Mana, qancha daraxtlar kesilib ketdi. Samarqand viloyati Narpay tumani Guliston mahallasida turaman. Qancha daraxtlar bor edi, yangi nihollar ekdik, ekkandan keyin o‘sha yer kimoshdi savdosiga qo‘yilib, sotildi. Men “yangi nihollar ekkanmiz, daraxtlarimiz meva-hosil bera boshlagan edi” deb qancha joylarga yozdim. Foydasi bo‘lmadi”, – deydi samarqandlik ayol.
So‘rovnomada daraxtlarni saqlab qolish uchun takliflar haqida ham so‘radik.
“Hamma daraxt eksin. Bahor kelganda hamma oiladan har bir odam bittadan daraxt eksa, hamma joyimiz obod bo‘lardi. Shunday qonun chiqarsin. Har birimiz har yili bittadan daraxt eksak, ozmuncha bo‘lmaydi”.






