Rossiyada internetga ulanish tezligi va sifatini o‘lchaydigan Amerikaning Ookla kompaniyasining Speedtest xizmatiga kirish bloklandi, deb xabar berdi Rossiya OAV. Roskomnadzor (RKN) blokirovkani «jamoat aloqa tarmog‘i va internetning Rossiya segmenti xavfsizligiga tahdidlari aniqlangani» bilan izohladi. RKN «ishonchli Rossiya servislaridan foydalanish» tavsiya etilganini qo‘shimcha qildi va "ProSet" xizmati — «ma’lumotlarni uzatish tezligini tekshirish uchun mahalliy yechim» haqida eslatdi.

Roskomnadzor 2024 yil iyun oyida o‘z mutaxassislari mobil qurilmalarda aloqa sifatini tekshirish uchun "ProSet" deb nomlangan ilovani yaratganini ma’lum qildi.

Rossiyada Speedtest bloklanishi mumkinligi o‘tgan yilning oktyabr oyida ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda Roskomnadzor «xizmat faoliyati Rossiya Federatsiyasi hududida Internet va umumiy aloqa tarmog‘i faoliyati barqarorligi, xavfsizligi va yaxlitligiga tahdid solayotgani aniqlansa, bu sodir bo‘lishini» bildirdi.

2023 yil oktyabr oyida Moskva sudi Ookla kompaniyasini Rossiyada ma’lumotlarni mahalliylashtirishni qayta rad etgani uchun 6 million rubl jarimaga tortdi.