O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Turkmanboshi shahridagi «Avaza» milliy turizm hududida o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, shuningdek, boshqa qator davlat va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarga bardoshlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida Turkmanistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.

Konferensiyada muhokama qilinayotgan masalalar hayotiy muhim ahamiyatga ega ekanini, chunki dengiz portlaridan jo‘g‘rofiy uzoqlik va bir necha mamlakat hududlarini kesib o‘tish zarurati bir qator obektiv muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.

Tariflarning yuqoriligi, transport yo‘laklari va infratuzilmasining cheklanganligi, boshqa mamlakatlarning bojxona-tranzit siyosatiga qaramlik shular jumlasidan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, katta transport xarajatlari va tranzitning beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha yo‘qotmoqda.

Logistika xarajatlari tovarlar qiymatining 60 foizigacha qismini tashkil etadi, bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha barobar yuqoridir.

Shu munosabat bilan yangi ishonchli tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda.

– Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.