Prezident matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Yangi Toshkentdan poytaxtning har bir tumaniga ham 100 gektardan hudud biriktirilgan. Tuman hokimlari oʻz tadbirkorlari bilan ishlab, ushbu maydonlarga yangi loyihalarni jalb qilishi kerak.

Xuddi shunday imkoniyat mamlakatning qolgan 13 ta hududiga ham beriladi. Bu maydonlarda amalga oshirilgan investitsiyalar tegishli hudud yoki poytaxt tumanining koʻrsatkichlarida hisobga olinadi.

Biriktirilgan maydonlardagi yer uchastkalari boʻyicha birinchi auksion faqat oʻsha hudud yoki tuman tadbirkorlari uchun oʻtkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent butun mamlakat ishbilarmonlari uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanishi lozimligini taʼkidlagan.

Xorijiy sarmoyadorlar uchun esa dastlabki 50 ta lot belgilangan. Ularning joylashuvi, loyiha imkoniyatlari, iqtisodiy hisob-kitoblari va yangi yengilliklarni qamrab olgan aniq takliflar paketi elchilarga yetkaziladi.

Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga chet el investorlarini Yangi Toshkentdagi imkoniyatlar bilan kengroq tanishtirish topshirilgan.

Vazirlarga ham xorijiy hamkorlar va yirik kompaniyalar bilan har bir uchrashuvda Yangi Toshkent imkoniyatlarini taqdim etish, ularni qoʻshma loyihalarga taklif qilish vazifasi qoʻyilgan.

Davlat rahbari eʼlon qilingan imkoniyatlar qogʻozda qolmasligi kerakligini qayd etgan. Ular yer uchastkasi, iqtisodiy hisob-kitoblar va amalga oshirish muddatlari koʻrsatilgan tayyor taklif shaklida sarmoyadorga yetkazilishi zarur.