Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.

Tramp Rossiyaning «soyadagi floti»ga qarşi sanksiyalarga tayyor

AQŞ prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga uni Ukrainadagi uruşni tugatişga majburlaş uçun «jazo çoralari» bilan tahdid qildi, deb yozdi Financial Times gazetasi 5 avgust, seşanba kuni manbalarga tayanib. Xususan, bu Rossiya Federatsiyasining «soyadagi floti»ga qarşi sanksiyalarga tegişli bölib, agar Moskva 8 avgustgaça öt oçişni töxtatişga rozi bölmasa, Vaşington ularni qöllaşi mumkin, deya aniqlik kiritadi naşr.

Agar xalqaro çeklovlarni çetlab ötgan Rossiya neftini olib ketayotgan kemalar qora röyxatga kiritilsa, Tramp joriy yilning yanvar oyida Oq uyga qaytganidan beri AQŞ Rossiyaga nisbatan birinçi marta sanksiyalar kiritadi, deya ta’kidlaydi maqola mualliflari.

Naşrga nomi oşkor etilmagan ikki manbaning aytişiça, AQŞning Rossiyaning «soyadagi floti»ga qarşi sanksiyalari Rossiyaning yöqotişlarga duçor bölişini ta’minlaş uçun birinçi oson qadam sifatida körilmoqda. Jurnalistlarga uçinçi manbaning ta’kidlaşiça, «soyadagi flot»ga qarşi sanksiyalar Tramp ma’muriyati körib çiqayotgan çeklov çoralarining bir neçta variantlaridan biri xolos.

Iyul oyida YeI Rossiya «soyadagi floti»ning sanksiya ostidagi kemalari röyxatini 415 tagaça oşirdi va unga yana 100 ta tankerni qöşdi.

Sirskiy: Rossiyaning maqsadi - yil oxirigaça yana 10 ta diviziyani tuziş

Kiyevga köra, Rossiya Ukrainaga qarşi öz tomonida jang qilayotganlar sonini oyiga 9 ming kişiga oşirmoqda. Şu bilan birga, Ukraina Qurolli kuçlari boş qömondoni Aleksandr Sirskiy Rossiya rahbariyatining maqsadi sifatida joriy yil oxirigaça önta yangi diviziya taşkil etişni keltirdi. Uning sözlariga köra, ulardan ikkitasi allaqaçon tuzilgan. Bu haqda Sirskiy 5 avgust, seşanba kuni Ukraina Qurolli kuçlarining iyul oyidagi faoliyati yakunlariga bağişlangan yiğilişdan söng Facebookʼdagi postida yozgan.

Rossiya kontingenti soni ortib borayotgani fonida Kiyevning safarbarlik tadbirlarini davom ettiriş, jangovar tayyorgarlikni yaxşilaş va qöşinlarning uçuvçisiz tarkibini kuçaytirişdan boşqa çorasi yöq, dedi Sirskiy.