Isroil muxolifati hukumatning Ğazo şahri ustidan nazoratni öz içiga olgan Falastinning HAMAS harakati ustidan ğalaba qozoniş rejasini keskin tanqid qildi. Isroil muxolifati yetakçisi Yair Lapid 8 avgust, juma kuni xavfsizlik kabinetining Ğazoni egallaş haqidagi qarorini «köplab boşqa oqibatlarga olib keluvçi falokat» deb atadi.
Hukumatning qirğoq böyidagi eng yirik şaharni egallaşi rejalaştirilayotgani isroillik garovga olinganlar va köp sonli isroillik askarlarning ölimiga sabab böladi, deb yozadi X ijtimoiy tarmoğida Lapid. U boş vazir Binyamin Netanyahuni armiyaning e’tirozlariga qaramay, öta öng lagerdagi hamkorlari Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotriç bosimiga yon bosganlikda aybladi. Isroil hukumatidagi har ikki öta öng pozitsiyadagi vazir butun Ğazo sektorini nazorat ostiga olişni va u yerda yaşovçi 2 million falastinlikni çiqarib yuborişni talab qilmoqda.
Şu kuni ertalab Isroil xavfsizlik mahkamasi Falastinning HAMAS harakatini «mağlubiyatga uçratiş» va Ğazo şahri ustidan nazorat örnatiş rejasini ma’qulladi. Bu qaror Isroil yuqori martabali amaldorlarining tungi uçraşuvidan söng – uruşni töxtatiş böyiça xalqaro çaqiriqlar kuçayib borayotganiga va köplab isroilliklarning HAMAS tomonidan garovga olinganlar taqdiridan qörqib norozilik bildirişiga qaramay qabul qilindi.
Netanyahu avvalroq Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida ba’zi rejalari haqida gapirib, Isroil butun Ğazo sektorini nazorat qilişni rejalaştirayotganini aytgan edi. Isroil armiyasi allaqaçon eksklavning törtdan uç qismini nazorat qilmoqda.













