“O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Soliqlar bo‘yicha yengilliklar

2025 yil 1 avgust holatiga “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” tizimi orqali soliq tekshiruvlariga nomzod sifatida shakllangan va soliq xavfi 16 trillion so‘m bo‘lgan 20 mingdan ortiq sub’yektga soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyati berilgan holda, ushbu ro‘yxat 2025 yil 1 noyabr holatiga qaytadan shakllantiriladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘loviga o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlariga quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llanadi:

  • 1 yil davomida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilish;
  • 1 yil davomida QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llamaslik;
  • 6 oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan oshmagan qismini to‘layotgan soliq to‘lovlari hisobidan chegirib tashlash.

2026 yil 1 yanvardan boshlab soliq majburiyatlarini bajarishning quyidagi proaktiv tartibi joriy etiladi:

  • yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vazifasi soliq organlariga o‘tkaziladi va ushbu majburiyat soliq to‘lovchilar uchun bekor qilinadi;
  • soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotlariga soliq to‘lovchi tomonidan 5 ish kuni ichida zarur tuzatishlarni kiritish va tuzatish kiritilgan soliq hisobotini taqdim etish huquqi beriladi.

Farmonga binoan, bundan buyon:

  • foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mga oshiriladi;
  • tadbirkorlik sub’yektlari o‘z mablag‘lari hisobidan ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari qurib, beg‘araz topshirganda, ushbu obektlar uchun qilingan xarajatlar foyda solig‘i bazasidan kamaytiriladi;
  • tadbirkorlik sub’yektlarining soliq auditi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash huquqi sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarga ham tatbiq etiladi.