O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi.

“Bugun shuni faxr bilan ayta olamizki, yurtimizda yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qad ko‘tarayotgan har bir korxona, xalqimiz og‘irini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport bo‘layotgan har bir mahsulot – sizning jasorat bilan qilayotgan mehnatingiz, tashabbus va izlanishingiz mahsulidir”, – dedi davlat rahbari so‘zining avvalida.

Bugungi tadbir shunchaki anjuman emas, davlat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan jonli va samimiy muloqot maydoni ekani ta’kidlandi.

“Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalla – faqat tadbirkor harakat qilganida, ularga quloq tutib, ishonch bildirilganida rivojlanadi, obod bo‘ladi.

Shu bois, bugun sizlarni eshitamiz. Sizning ovozingiz orqali hal qilinadigan masalalarni birgalikda muhokama qilib, ularga aniq yechimlar haqida kelishib olamiz”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 8 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 230 mlrd dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliarddan ortig‘i – xorijiy sarmoya.

“Bir qarashda aytishga oson ushbu raqamni oldinlari hisob-kitob qilish tugul, tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Lekin biz buni uddaladik”, – dedi prezident.

Turli nizo va ziddiyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti g‘oyat murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgan bir vaqtda pragmatik va proaktiv siyosat tufayli birinchi yarim yillikda YaIM 7,2 foizga o‘sgani ta’kidlandi.

1600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qo‘shildi.

O‘tgan yili aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 203 ta korxona bor edi. Bu yilning o‘tgan olti oyida ularga qo‘shimcha yana 47 ta korxona 400-500 milliard so‘mlik marrani zabt etdi.

Biznesni soyadan chiqarish bo‘yicha yangi mexanizmlar ko‘paytirilgani hisobiga 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga yoki 4,6 trillion so‘mga oshirdi.