Yevropadagi qudratli davlatlardan ayrimlari Ukrainadagi uruş töxtagaç, bu mamlakatga jumladan Xitoy harbiy kontingentini ham joylaştirişni ilgari surmoqda. Bu haqda “Geosiyosat”da siyosatşunoslar Kamoliddin Rabbimov va Hikmatilla Kazakbayev söz yuritdi.
— Rossiya sörovi böyiça Xitoy ham öz qöşinini Ukrainada tinçlikparvar kuç sifatida joylaştirişi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: Bu masalada avvalo Ukrainaning özi rozi bölişi kerak. Prezident Zelenskiy bu borada allaqaçon bayonot bergan. Bu bayonot “Qrimni Rossiya anneksiya qilganida Xitoy jim turdi, 2022 yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida ham Xitoy uni töxtatiş uçun heç qanday taşabbus körsatmadi”, degan ma’noda edi. Zelenskiy Xitoy Rossiyani amalda qöllab-quvvatlayotganini, yordam berayotganini va u bilan hamkorlikni davom ettirayotganini ta’kidladi.
Xitoyning Ukrainadagi uruşga nisbatan pozitsiyasi ikki qismdan iborat.
Birinçidan, Pekin Ukrainaning hududiy yaxlitligini saqlaş tarafdori. Bu pozitsiyasini Xitoy bir neça marta takrorlagan. Ammo bu Xitoyning Ukrainaga bölgan hurmatidan emas. Bu özining Tayvan, Tibet va Şinjon kabi hududlarini nazorat ostida uşlab qoliş istagi bilan boğliq. Xitoy özini yagona millat sifatida körsatişga harakat qilsa-da, u yerda turli millatlar va hududlar mavjud. Xuddi sobiq sovet ittifoqidagi kabi, Xitoyda ham böliniş, separatizm xavfi bor. Şu bois Xitoy xalqaro miqyosda davlatlar çegarasi daxlsizligi tamoyilini ilgari suradi.
Ikkinçidan, NATOning kengayişi va Rossiya–Ğarb qarama-qarşiligi masalasida esa, Xitoy oçiqçasiga Rossiya tarafida turibdi.
Hikmatilla Kazakbayev: Ukrainaga qöşin yuboriş taşabbusiga eng köp qiziqiş bildirayotgan davlatlar – Buyuk Britaniya va Fransiya. Ular qöşin yuborişga tayyor bölişi mumkin, ammo bu ham öz-özidan bölmaydi. Hatto Germaniya qöşinlarini joylaştiriş ehtimoli ham juda past. Boşqa davlatlarning iştiroki ança çeklangan bölişini kutiş mumkin.
Amerika Qöşma Ştatlari öz qöşinlarini Ukrainaga yuboriş niyatida emas. AQŞning hozirgi ma’muriyati Rossiya bilan töğridan töğri qarama-qarşilikdan qoçişga harakat qilmoqda. Albatta, tört yildan keyin AQŞda ma’muriyat almaşişi mumkin, lekin hozirça vaziyat şunday. Şu sababli ehtimol, xorijiy qöşinlar masalasi faqat Britaniya va Fransiyaning çeklangan iştiroki bilan amalga oşişi mumkin.











