Jamiyat | 09:46 / 22.08.2025
31413
11 daqiqa o‘qiladi

“Biz Xitoydan “optom” olamiz” – Toshkentda yana bir shubhali “avtosalon” paydo bo‘ldi

Shu yil fevralida davlat ro‘yxatidan o‘tgan, 30 maydan “sotuv” reklamalarini boshlagan “Global avto kredit” MChJ odamlarga foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan qimmatbaho elektromobillarni va’da qilmoqda. GM mashinalari esa yillik 10 foizli ustama bilan 5 yilgacha nasiya savdoga berilishi aytilgan. Firma ijtimoiy tarmoqlardagi kanaliga bir nechta mashina “mijozlarga yetkazib berilgani” haqida videolavha joylashtirgan. Kun.uz bu mashinalar boshqa avtosalonlardan xarid qilinganini aniqladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xo‘rak

Jozibali reklama, oson shartlar va arzon narx – O‘zbekistonda mashina sotib olmoqchi bo‘layotganlarni chuv tushirish uchun mana shu va’dalar yetarli, qanchalik shubhali bo‘lmasin odamlar o‘z oyoqlari bilan sirtmoq ichiga kirib boraverishadi. Buni qariyb 10 yildan buyon davom etib kelayotgan, biri qamalsa boshqasi paydo bo‘layotgan “Avto 60 oy”dan to “Halol avtolizing”gacha bo‘lgan qator firmalar misolida ko‘rish mumkin.

Afsuski, bu ketma-ketlik zanjiri hamon uzilgani yo‘q: “yig‘aman-u, qochaman” qabilidagi shubhali avtosalonlar paydo bo‘lishda va odamlarni chuv tushirishda davom etmoqda. Shunday shubhali firmalardan biri “Global avto kredit” MChJ hisoblanadi. Ushbu firma “xo‘rak” sifatida odamlarga qimmatbaho elektromobillarni foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan olib berishni va’da qilmoqda.

Xitoyda odamimiz bor”

“Global avto kredit” MChJ 2025 yil 10 fevral kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Faoliyat turi – avtomobillar va yengil motorli transport vositalarining chakana savdosi.

Ustav kapitali 500 mln so‘m sifatida ko‘rsatilgan MChJ ta’sischisi va rahbari Baxtimurodov Bekzod Baxtimurod o‘g‘li hisoblanadi.

MChJ Telegram’da kanal ochib, joriy yil 30 may kunidan “sotuv” reklamalarini e’lon qila boshlagan. Xususan, birinchi reklamada Cobalt mashinalarini “salon narxida” va “halol nasiya” asosida xarid qilish mumkinligi aytiladi. Nasiya savdo sharti sifatida 1 yildan 5 yilgacha yillik foizli ustama taklif qilingan. Qolaversa, mashina mijozning o‘z nomiga rasmiylashtirilishi aytilgan.

“Global avto” menejerlari qimmatbaho elektromobillarni foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan olib berishni ham bildirishyapti. Ular tomonidan hatto rasmiy distribyutori bank orqali yillik 29 foizli kreditda taklif etayotgan Kia Sonet’ni ham yillik 10 foizli ustamada 5 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib to‘lashga olib berish va’da qilinmoqda.

Kun.uz vakili mijoz sifatida firma ofisiga borib, menejer bilan suhbatlashdi. Ularning suhbati quyidagicha kechdi:

Kun.uz vakili: “Foizsiz berasizlarmi?”

Firma menejeri: “Ha”.

Kun.uz vakili: “Unda sizlar qayerdan foyda ko‘rasizlar?”

Firma menejeri: “Tannarxidan”.

Kun.uz vakili: “Tannarxini ham o‘zi arzon qilib beryapsizlar-ku. O‘zi men Leapmotor C11’ni so‘rasam, 24 ming dollar deyishgandi”.

Firma menejeri: “24 mingga naqdga bor. Bizda 23 ming, ming dollar arzon. Biz “zakaz” bilan ob’yomda olamiz-ku mashinani, shunga “optom” sifatida arzon tushadi”.

Kun.uz vakili: “Malibu’ga 60 foiz boshlang‘ich to‘lovini to‘lasam, qolganini 1 yilga foizsiz to‘lov qilib bera olasizlarmi?”

Firma menejeri: “Ha, qilib beramiz agar 60 foizi to‘lasangiz”.

Kun.uz vakili: “Qancha paytda to‘lash kerak bo‘ladi boshlang‘ich to‘lovni?”

Firma menejeri: “Shartnoma olgandan so‘ng 1 kunda. Chunki bizda shartnoma almashadi-da. C11 bo‘lsinmi?”

Kun.uz vakili: “Ha”

Firma menejeri: “Boshlang‘ich to‘lovi 183 mln 960 ming so‘m, oylik to‘lovi 9 mln 733 ming so‘m bo‘ladi 12 oyga. 3 foizlik “kamissionniy” bor, hamma narsasi, sug‘urtasi ham ichida, xarajat qilmaysiz”.

Kun.uz vakili: “Banklarda ham 20 foizdan yuqori, sizlar GM mashinalariga 10 foiz deyapsizlar, qayerdan foyda qilasizlar?”

Firma menejeri: “Bu firmaning o‘zining puli. To‘lovlarning barchasi bank orqali bo‘ladi. Bizda arzonligining sababi, biz to‘g‘ri Xitoydagi zavoddan olib kelamiz, o‘rtada ikkinchi “qo‘l” yo‘q. Xitoyda yetkazib beruvchimiz bor, biz unga aytamiz, u olib jo‘natadi. Ob’yomda buyurtma qilsak yaxshigina chegirmada keladi. GM bilan esa ochilganda shartnoma qilib qo‘yamiz va yil davomida olaveramiz. Masalan, Gobalt mashinasini 147 mln so‘mga olamiz. 3 mln so‘m xizmat narxi qo‘shiladi va yillik 10 foiz ustama bilan beramiz. Har hafta mashina chiqaramiz va sotamiz bizlar. Mijoz chaqirish uchun 10 foiz qilganmiz boshida, taxminan sentabr oylaridan 15 foizga ko‘tariladi”.

Shuningdek, firma menejeri agar 50 foiz boshlang‘ich to‘lov amalga oshirilsa, Cobalt mashinasini ham 1 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan foizsiz berishini ma’lum qilgan. U bugunga qadar mashinalar eng tez 53 kunda, eng uzog‘i esa 68 kunda keltirib berilganini aytgan. Va bunga bojxonada rasmiylashtiruv bilan bog‘liq qiyinchiliklar sabab bo‘lganini keltirgan. Bundan tashqari, u mashinani Piskentdan o‘zlari o‘tkazib berishini ham qo‘shimcha qilgan.

Kun.uz vakili firma menejeridan suhbatlashib ko‘rish uchun bugunga qadar “Global avto”dan mashina olgan biror mijozning telefon raqamini so‘radi. Biroq menejer mashina olgan mijozlar raqamini bera olmasligini, to‘lov aniq bo‘lsagina birortasi bilan gaplashtirishini ma’lum qilgan.

Hamma harakatlari yolg‘on!

“Global avto” Telegram’dagi kanalida “mijozlarga mashina qilib berishgani” haqida bir nechta videolavhalarni joylashtirgan. Ularning aksariyati Cobalt mashinasi.

Jumladan, 2025 yil 15 iyul kuni mijozga Cobalt mashinasi topshirilgani haqida videolavha e’lon qilingan. Videolavhada mashina hujjatlari ham ko‘rsatilgan. Ammo hujjatdagi sotuvchi firma nomi nimagadir yashirilgan.

Hujjatga ko‘ra, Shahrisabz tumanining Sarchashma qishlog‘ida yashovchi fuqaro Kimyo Sharipova ushbu mashinani “Autograph Automotive Group” MChJdan sotib olgan.

Kun.uz Kimyo Sharipovaning mashinani sotib olishda bosh-qosh bo‘lgan jiyani bilan suhbatlashdi.

“Global avto”ga bordik, ular bizni katta avtosalonga olib borishdi, pulni o‘sha yerda to‘ladik va mashinani oldik. U boshqa firma edi. Keyin “Global avto” ofisi yoniga olib borib, tasvirga olishdi. Biz mashinaning pulini to‘liq to‘lagan holda sotib olganmiz”, deydi u.

11 iyul kuni e’lon qilingan videolavhada esa fuqaro Sherali Bekbo‘tayevga “o‘zining nomiga Cobalt rasmiylashtirib berilgani” aytiladi.

Biroq ushbu mashina aslida “Oscar Motorcars” MChJdan xarid qilingan hamda “Global avto” ofisi oldiga olib borilib, tasvirga olingan.

Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Oscar Motorcars” MChJ rahbari bilan bog‘landi. U fuqaro Sherali Bekbo‘tayevga rostdan ham mashina sotilganini, ammo “Global avto” haqida eshitmaganini, ushbu firma bilan o‘zaro shartnoma yoki boshqa aloqalari yo‘qligini ma’lum qildi.

“Global avto” xuddi shu kabi “Luckycar”, “Toshkent Avtomarkaz”, “Mega Oil Biznes”, “Avtotexxizmat” kabi MChJlar sotgan mashinalarni ham go‘yoki o‘zlari mijozlarga yetkazib berganday tasvirga olib, e’lon qilishgan.

To‘lov kechiksayam kechiramiz”

 

Bu “Global avto” vakillari tomonidan aytilayotgan navbatdagi “shirin va’da”. Firma vakiliga ko‘ra, BYD Song Plus EV Champion mashinasi 50 foizlik boshlang‘ich to‘lov bilan 3 yil muddatga yillik 10 foizli ustamada bo‘lib to‘lashga beriladi. Menejyer agar mashina narxining 50 foizi boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘lansa, 2 yil muddatga foizsiz bo‘lib to‘lashga ham berilishini ma’lum qildi. U mashina narxi 340 mln so‘m ekanini aytgan.

Shuningdek, menejer to‘lov firmaning o‘ziga to‘lanishini, bu bank emasligini, oylik to‘lov kechiksa ham penya qo‘shilmasligini ma’lum qildi.

“Global avto” ayni kunlarda mijozlar bilan “avtomobilning boshlang‘ich to‘lovi to‘g‘risida” shartnoma tuzmoqda. Qizig‘i, unda sotuvchi “ijaraga beruvchi”, xaridor esa “ijaraga oluvchi” sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, shartnoma bekor qilinganda to‘langan summa 50 ish kunida qaytarilishi belgilangan.

Odamlar aldanmasin

“Global avto kredit” MChJning faoliyati va berayotgan va’dasi Kun.uz surishtiruvidan so‘ng jinoiy ish ochilib, rahbarlari qamoqqa olingan “Halal Auto Leasing kompany” MChJnikiga juda o‘xshash. Hatto “Global avto kredit” firmasida aynan “Halal Auto Leasing kompany” MChJda ishlagan menejerlar faoliyat yuritayotgani aytilmoqda.

Shu sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu firma faoliyatini kechiktirmasdan tekshirib ko‘rishi lozim. Yo‘qsa, yana ko‘plab odamlar aldanishi mumkin.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid