AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursida uzoq yillardan beri kuzatilgan doimiy o‘sish tendensiyasiga qarama-qarshi holat yuzaga keldi. Rasmiy kurs yil boshidagi 12 904 so‘mdan 22 avgust holatiga 12 413 so‘mgacha pasaydi. Albatta, bu ko‘pchilikni o‘ylantiradi, chunki aksariyat yirik oldi-sotdilar dollarda amalga oshiriladi.

Xo‘sh, Amerika valutasi bilan nimalar sodir bo‘lyapti?

Tramp va dollar

Bir necha o‘n yildan beri dollar xalqaro tijoratning qoni va Qo‘shma Shtatlar qudrati saqlanib turishida barqaror omil bo‘lib xizmat qilyapti. Murakkab geoiqtisodiy jarayonlar, globallashuv tendensiyasi va bir qutbli dunyo ko‘p qutbliga aylanib borayotgan sharoitda ham, xalqaro savdoda dollar yetakchiligini saqlab qoldi. Ammo Donald Trampning global iqtisodiy tartibni AQSh foydasiga qayta shakllantirishga bo‘lgan urinishlari dollarning zaxira valutasi sifatidagi roliga zarba bera boshladi.

Xususan, tashqi savdoga tariflarning keskin oshirilib, keyin bir qismining bekor qilinishi – Amerika milliy valutasi va g‘aznachilik obligatsiyalarining kuchsizlanishiga sabab bo‘ldi. Natijada dollar indeksi yilning dastlabki olti oyida 10 foizdan ko‘proqqa pasayib, 1973 yildan beri eng yomon ko‘rsatkichni qayd etdi.

Bunday vaziyatda dollarni chetlab o‘tuvchi moliyaviy mahsulotlarga talab oshdi. Jumladan, Osiyodagi boy investorlar AQSh aktivlariga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish ustida ishlashyapti. Ularning fikricha, Trampning tariflari mamlakatni juda noturg‘un va oldindan aytib bo‘lmas darajaga olib kelgan.

AQSh moliya vaziri Skot Bessent investorlarni “kuchli dollar” siyosati o‘z kuchida qolayotganiga ishontirishga harakat qilyapti. U qisqa muddatli tebranishlardan xavotir olmaslik kerakligini aytdi. Tramp esa dollar mavqeyiga tahdid qilgan davlatlarga qarshi 100 foizlik tariflar kiritish bilan tahdid qildi.

Dollar o‘rniga muqobil variantlar bormi?