Ko‘chmas mulk | 08:56 / 29.08.2025
3480
3 daqiqa o‘qiladi

Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda uchta quruqlik porti qurishni rejalashtiryapti

Malayziyaning “Mutiara Perlis S Bhd”kompaniyasi Andijon viloyatida, Termiz shahrida hamda Olot tumanida quruqlik portlarini qurish imkoniyatlarini o‘rganyapti. Bunda O‘zbekistonning Sharq va G‘arb, Shimol va Janub mintaqalari o‘rtasidagi tranzit salohiyati inobatga olinadi.

Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonning uchta hududida quruqlik portlarini qurishi mumkin. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev va “Mutiara Perlis S Bhd”kompaniyasi direktorlar kengashi ijrochi raisi Shabaruddin Ibraxim o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar berdi “Dunyo”.

Qayd etilishicha, uchrashuvda Andijon viloyatida O‘zbekiston–Qirg‘iziston chegarasi yaqinida, Termiz shahrida hamda Olot tumanida quruqlik portlarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilingan. Mazkur loyihani amalga oshirishda kompaniya tajribasi hamda O‘zbekistonning Sharq va G‘arb, Shimol va Janub mintaqalari o‘rtasidagi tranzit salohiyati inobatga olinadi.

Shabaruddin Ibraxim Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘lining ahamiyatidan kelib chiqib, yaqin kelajakda Andijonda quruqlik portini qurish taklifiga jiddiy qiziqish bildirgan. Tadbirkor mazkur loyiha taklifini o‘zbek tomoni bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, ular O‘zbekistonni Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi bilan bog‘laydigan transport yo‘laklarini takomillashtirish va yangi transport yo‘nalishlarini ochish istiqbollariga ham to‘xtalgan.

Jumladan, O‘zbekistonni Xitoy bilan bog‘laydigan Qashqar–Torug‘art–Makmal–Jalolobod–Andijon yo‘nalishida yangi temiryo‘l qurilishi va Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘laydigan Transafg‘on xalqaro temiryo‘li loyihasining mintaqa tashqi savdo aylanmasiga ijobiy ta’siri yuzasidan fikr almashilgan.

“Mutiara Perlis S Bhd” 2018 yilda Perlis shtatida infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan kompaniya sifatida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan. Hozirda kompaniya Malayziyada Perlis quruqlik porti, Perlis dengiz yo‘li va Perlis energetika markazi kabi yirik loyihalarni amalga oshiryapti. 

Mavzuga oid