Tumanning Tirsakobod mahallasidagi qurilish obektida minorali kran qulashi oqibatida 1 kishi vafot etdi. Mahalliy aholi o‘lganlar ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Tirsakobod mahallasidagi qurilish obektida oldin ham baxtsiz hodisalar yuz bergan. Odamlar bu qurilish jarayonlaridan, xususan, minorali kranlar ularning uylari yaqinida tiklanayotganidan norozi.  

Chilonzor tumani Tirsakobod mahallasida “Omega agro stroy” MChJ qurayotgan turar joy majmuasida minorali kran qulab tushdi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Kun.uz muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rganish uchun manzilga bordi.

Guvohlarning aytishicha, 25 yoshli yigitdan tashqari tez yordam mashinasi olib ketgan boshqa bir fuqaro ham vafot etgan bo‘lishi mumkin.

Bir kishi shu yerda o‘ldi, boshqasi boshidan og‘ir jarohat oldi, yana biri esa yengilroq jarohatlandi. Kranning og‘irligini qarang, ag‘darilganda suv o‘tadigan quvurni teshib yuborgan. Ertalabdan beri xo‘jayinlarning bittasi ham kelgani yo‘q. Mening fikrimcha, kranni har doim ko‘cha tomonga emas, uyning orqa tomoniga qo‘yish kerak. Umumiy hisoblasangiz, shu paytgacha 4 yoki 5 nafar kishi halok bo‘ldi”, deydi fuqarolardan biri.

Mahallada yashovchi yana bir fuqaroga ko‘ra, shifoxonaga olib ketilgan fuqaro ham yo‘lda jon bergan. 

Kranning tagida yashaymiz. U nosozmasmi, umuman texnika xavfsizlik qoidalariga javob beradimi-yo‘qmi, bilmaymiz. Bu tag‘in ham 6-qavatda bo‘lgan, hozirgisi esa 14-qavatini qilyapti. Boshida bizga 50 metr uzoqlikda 4 qavat bo‘ladi deb aytishgan. Hozir bu yerda 50 metr ham chiqmaydi. 16 qavat qurishyapti. Hech bo‘lmasa kranini bizdan uzoqroq tomonga olib o‘tsin. Bizning ham uyda bolalar bor, har kuni maktab o‘quvchilari o‘tadi”, deydi uyi qurilish obektiga yaqin ayol.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qurilish ishlari davomida yuzaga keladigan chang ham aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Oldin bu yerlar harbiy qism bo‘lgan, daraxtzor edi. Toza havo kelib turardi. Hozir tinchimiz buzilgan. Mana, tepamizda kran aylanadi. Tahlikada yashayapmiz. Shu voqeadan keyin uy sotib olganlar kelib, “otmen” qilib ketishdi”, deydi ayol.

Mahallada yashovchilar tun-u kun qurilish ishlari olib borilayotganidan ham norozi ekanliklarini bildirishdi.