Sog‘lom hayot | 13:00 / 22.09.2025
876
4 daqiqa o‘qiladi

Gel va kukun qoldiqlari – zararli: idishlarni yaxshi chaymaslik organizmda kasallik keltirib chiqarishi mumkin

Foto: Freepik

Bugungi kunda deyarli har bir xonadonda idish-tovoqlarni yuvish uchun turli xil kimyoviy vositalar – gel, kukun (poroshok) yoki kapsulalardan (idish yuvish mashinalarida) foydalaniladi. Ular yog‘larni tez yo‘qotishi, idishlarni yaltiratib qo‘yishi bilan qulay. Biroq mazkur vositalar tarkibidagi kimyoviy moddalar sog‘liq uchun xavfli bo‘lib, idishlar yaxshi chayilmaganda moddalar sirtda saqlanib qolishi va organizmga tushib, tanani zararlashi mumkin. Mutaxassislar idish-tovoqlarni kimyoviy vositalar bilan yuvayotganda diqqatli bo‘lish, ularning o‘rniga tabiiy mahsulotlardan foydalanishni tavsiya etadi.

Gel va kukunlarning tarkibida fosfat, surfaktant, xlor va ifor ulashuvchi turli atir aralashmalari bo‘ladi. Bu moddalar idish yuzasidagi yog‘ va kirni tezda ketkazish uchun qo‘shiladi. Ammo idish-tovoq yaxshi chayilmasa, kimyoviy moddalarning mikroskopik qoldiqlari yuzada qolishi mumkin. Natijada zararli moddalar taom bilan birga oshqozonga tushib, sog‘liq uchun xavf tug‘diradi.

Surfaktantlar yog‘ni eritishda samarali, lekin ular to‘liq yuvilib ketmasa, tomoq, halqum, ichak va oshqozondagi shilliq qavatni yallig‘lashi, allergiya chaqirishi ehtimoldan xoli emas.

Idish yuvish vositalari tarkibidagi fosfatlar suvni yumshatish orqali yuvish sifatini yaxshilaydi, ammo organizmga tushganda ichak mikroflorasini buzishi va jigar-buyraklarga yuklama berishi mumkin.

Xlorli aralashmalar dezinfeksiya uchun samarali bo‘lsa-da, qoldiq sifatida qolganda oshqozon-ichakni zararlaydi. Atir moddalar esa taom bilan birga yutilganda allergik reaksiyalarni qo‘zg‘atishi mumkin.

Shuni ham unutmaslik kerakki, idishdagi qoldiqlar ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydi. Ayniqsa, plastik yoki yoriq idishlarda ular tezroq to‘planadi. Shu sababli ko‘pchilik idishni toza deb o‘ylab, kimyoviy moddalar qolgan idishdan foydalanadi. Ushbu holat uzoq muddatda jigar, buyrak, oshqozon va immun tizimini buzadi. Bu jarayonda eng ko‘p zarar ko‘radigan a’zolar – jigar va buyrak. Ular toksinlarni chiqarishga majbur bo‘lib, asta-sekin charchaydi va faoliyati susayadi.

Bundan tashqari, kimyoviy moddalar muntazam ravishda organizmga tushsa, ichak mikroflorasi buzilishi, allergiya, gastrit va hatto surunkali kasalliklarning rivojlanish xavfi ortadi.

Bolalar va homilador ayollar uchun bunday xavf ikki baravar yuqori. Go‘daklarning immuniteti zaif bo‘lgani uchun tanasi kimyoviy qoldiqlarga sezgir bo‘ladi. Homilador ayollar organizmida esa bunday moddalarning to‘planishi embrion rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mutaxassislar idish-tovoqni faqat bir marta emas, kamida ikki-uch marta chayish kerakligini ta’kidlaydi. Issiq suv yog‘ va qoldiqni tezroq ketkazadi. Agar imkon bo‘lsa, idish yuvishda oddiy xo‘jalik sovuni, soda yoki xantal kukunidan foydalanish tavsiya etiladi. Bunday tabiiy vositalar organizm uchun xavfsizroq hisoblanadi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid