2025 yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 51,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 8,5 mlrd dollarga yoki 19,8 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 22,9 mlrd dollar (+31,3 foiz), import hajmi esa 28,4 mlrd dollar (+11,3 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5,4 mlrd dollargacha qisqargan.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (18,9 foiz), Rossiya (16,1) Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,2 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 8 oylikda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, yirik hamkor davlatlardan Turkmaniston (-20,7 foiz), Janubiy Koreya (-13,3 foiz), AQSh (-7,7 foiz) va Turkiya (-3,5 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. BAA (+90 foiz), Niderlandiya (+53 foiz), Afg‘oniston (+51,3 foiz), Hindiston (+42,3 foiz), Belarus (+34,5 foiz), Pokiston (+26,9 foiz), Germaniya (+25,2 foiz), Xitoy (+21 foiz), Fransiya (+18,5 foiz) va Qozog‘iston (+15 foiz) kabi davlatlar bilan esa umumiy savdo hajmi sezilarli miqdorda oshgan.
Eksport
Hisobot davrida 8,4 mlrd dollarlik (+68,5 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 36,8 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (11,1 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (7,8 foiz), kimyoviy vositalar (5,9 foiz), turli xil tayyor buyumlar (4,8 foiz) va mineral yoqilg‘ilar (4,4 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.

Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (12,5 foiz), XXR (5,4 foiz), Qozog‘iston (4 foiz), Afg‘oniston (3,8 foiz), Turkiya (3,2 foiz), Fransiya (2,7 foiz), BAA (2,1 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,6 foiz) Tojikiston (1,5 foiz) va Pokiston (1,2 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 38 foizni tashkil etadi.
Yanvar-avgust oylarida 495 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,1 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 399 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (-2 foiz), 107 mln dollarlik elektr toki (+52,2 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.










