O‘zbekiston | 15:43 / 24.09.2025
6470
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda to‘y marosimlari va oilaviy tadbirlarni o‘tkazish qat’iy nazoratga olinadi

To‘y va dafn marosimlari 2019 yilda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida o‘tkazilishi shart bo‘ladi. Nizom bilan to‘y marosimlaridagi “kuyov navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “tog‘ora yuborish”, dafn va motam marosimlariga oid “yetti”, “payshanbalik”, “yil oshi” kabi urf-odatlarni o‘tkazish taqiqlangandi. 

Foto: doca-tours.com

O‘zbekistonda to‘y marosimlari va oilaviy tadbirlarni o‘tkazish qat’iy nazoratga olinadi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 sentabrdagi qarori bilan “Oqilona iste’mol” dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Unda dastur doirasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va boshqa shu kabi tadbirlar belgilangan tartib asosida qat’iy nazoratga olinishi belgilangan.  

Dasturga ko‘ra to‘ylar, oilaviy tantana va marosimlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi va Senat kengashining 2019 yil 14 sentabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida o‘tkazilishi shart. Ushbu nizomda oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, shu munosabat bilan beriladigan osh marosimida esa 250 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Qo‘shaloq to‘y va hasharlarda 250 nafargacha, unga bog‘liq osh marosimida esa 300 nafargacha mehmon bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan qo‘shimcha rasm-rusum va shoularni o‘tkazishga ruxsat etilmaydi. Xususan, to‘y marosimlaridagi “kuyov navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” kabi urf-odatlar, dafn va motam marosimlariga oid “yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” kabi tadbirlar taqiqlanadi.

Qo‘mita fuqarolarni isrofgarchilikka qarshi kurashishda faol ishtirok etishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026-2030 yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb e’lon qilingan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid