Jahon | 09:10 / 27.09.2025
2147
2 daqiqa o‘qiladi

Moldovada tartibsizliklarga tayyorgarlik: Serbiyada ikki kishi hibsga olindi

Serbiyadagi tergovchilarga ko‘ra, hibsga olingan shaxslar Moldova parlamentiga saylovlar arafasida «Moldova va Ruminiya fuqarolari uchun taktik va jangovar mashg‘ulotlar tashkillashtirgan».

Foto: AP

Serbiyada 28 sentabr kuni Moldovada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari paytida tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumon qilingan ikki kishi hibsga olindi. Bu haqda 26 sentabr, juma kuni Serbiya Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Qo‘lga olish Ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurash xizmati, Xavfsizlik va axborotlashtirish agentligi hamda tegishli prokuratura organlari xodimlari ishtirokida amalga oshirildi.

Hibsga olingan 1988 va 1978 yillarda tug‘ilgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular «Moldova va Ruminiya fuqarolari uchun taktik jangovar mashg‘ulotlarni tashkillashtirgan», saylovlar buzilgan taqdirda «Moldova politsiyasi xodimlariga samarali jismoniy qarshilik ko‘rsatishga» tayyorlagan.

Erkaklardan biri Serbiyaning Loznitsa yaqinida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarni tashkil qilgan va moliyalashtirgan, ikkinchisi esa unga yordam bergan, deya ta’kidladi idora. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar 16 iyuldan 12 sentabrgacha 150-170 nafar Moldova va Ruminiya fuqarolari uchun o‘tkazilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid