Jamiyat | 09:10 / 30.09.2025
4781
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda 5 farzandi bilan mushkul ahvolda qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

Mamlakat elchixonasi ko‘magida Pokistonda mushkul ahvolda qolgan fuqaro K.I. va uning 5 nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi.

Foto: "Dunyo" AA

Diplomatik vakolatxona ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro K.I. o‘z murojaatida Pokistonda boquvchisiz qolgani, turar joy va kundalik ehtiyojlar, xususan oziq-ovqat uchun ham zarur mablag‘ga ega emasligini ma’lum qilib, O‘zbekistonga qaytishi uchun amaliy yordam berishni so‘ragan.

Murojaat elchixona tomonidan alohida nazoratga olinib, tezkor choralar ko‘rildi. Ular vaqtinchalik turar joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda kundalik ehtiyojlari uchun mablag‘ bilan ta’minlandi. Shuningdek, oilaning O‘zbekistonga yetib olishi uchun vatanga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirildi, boshqa turdagi zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Pokistonning tegishli vazirlik va idoralari mutasaddilari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida, ushbu mamlakatdagi viza tartiboti va bu yerda bo‘lib turish tartiblari buzilganiga qaramasdan, fuqaro va uning farzandlarini jarima va to‘lovlarsiz davlatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston elchixona va Migratsiya agentligi ko‘magida ushbu oilaga Uzbekistan Airways aviakompaniyasining "Islomobod-Toshkent" yo‘nalishidagi samolyotiga aviachiptalar olib berildi va ular 27 sentabr kuni vatanga kuzatib qo‘yildi.

Mavzuga oid