Biznes | 12:03 / 01.10.2025
1778
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyaning Prada kompaniyasi Versace modalar uyini sotib oladi

Yevropa komissiyasi Italiyaning Prada va Versace kompaniyalari o‘rtasidagi 1,24 milliard yevrolik kelishuvni rasmiylashtirdi. 6 milliard yevrolik aylanmaga ega birlashgan kompaniya Fransiyaning LVMH va Kering gigantlari bilan raqobatlashadi.

Foto: AFP/Scanpix/LETA

Italiyaning lyuks sinfidagi kiyim-kechaklar ishlab chiqaruvchisi Prada o‘zining raqobatchisi Versace'ni sotib olishi mumkin. 30 sentabr, seshanba kuni Yevrokomissiya 1,24 milliard yevrolik kelishuvni ma’qulladi. Unda ikki lyuks brendning birlashishi Yevropa bozoridagi raqobatni buzmasligiga baho berilgan.

Prada shu tariqa Versace brendini Amerikaning Capri Holdings guruhidan sotib oladi, u muzokaralar chog‘ida hashamatli tovarlar bozoridagi inqiroz va so‘nggi oylarda AQSh import bojlari oshishi tufayli sezilarli darajada pasaytirilgan narxga rozi bo‘lishga majbur bo‘lgan.

Birlashish natijasida yillik aylanmasi 6 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan hashamatli italyan tovarlari guruhi paydo bo‘ladi, u fransuz gigantlari LVMH va Kering bilan raqobatlashadi, deb yozadi AFP. Agentlikning ta’kidlashicha, fransuz guruhlari so‘nggi yillarda Gucci, Fendi va Bottega Veneta kabi bir qator italyan brendlarini sotib olgan.

1978 yilda tashkil etilgan Versace modalar uyi uzoq yillar oilaviy biznes bo‘lib kelgan. 1997 yilda uning asoschisi Janni Versache o‘ldirilishi ortidan uning singlisi Donatella Versache rahbarlikni o‘z zimmasiga oldi. U mart oyi oxirida kreativ direktor lavozimini tark etdi. Prada'ga 1913 yilda ikki aka-uka tomonidan asos solingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid