Iqtisodiyot | 12:25 / 02.10.2025
3605
2 daqiqa o‘qiladi

Benzin taqchilligi: Rossiya ichki bozorni qo‘llab-quvvatlashga tayyorlanmoqda

«Kommersant» gazetasining yozishicha, reja Xitoy, Janubiy Koreya va Singapurdan import qilinadigan benzin uchun 5 foizlik bojxona to‘lovlarini bekor qilishdan iborat. Rasmiylar, shuningdek, oktan miqdorini oshiradigan benzin qo‘shimchalaridan foydalanishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda.

Foto: Reuters

Bir qator mintaqalarda ishlab chiqarishning pasayishi va benzin taqchilligi fonida Rossiya hukumati ichki yonilg‘i bozorini qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator chora-tadbirlarni tayyorlamoqda. Bu bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novakning 24 sentabr kuni bosh vazir Mixail Mishustinga qilgan murojaatidan kelib chiqadi, undan parchalar «Kommersant» nashri tomonidan 1 oktyabr, chorshanba kuni chop etilgan.

Shu tariqa, Uzoq Sharqdagi bir nechta nazorat-o‘tkazish punktlari orqali Xitoy, Janubiy Koreya va Singapurdan olib kelingan benzinga 5 foizlik bojxona to‘lovidan voz kechish taklif qilinmoqda. Faqat ba’zi tashkilotlar — "Rosneft", "OA NNK" va "Promsyreimport"ga yonilg‘i bilan ta’minlashga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, hukumat olti oy davomida benzin ishlab chiqarishda oktan miqdorini oshiruvchi benzin qo‘shimchasi bo‘lgan monometilanilindan foydalanishga ruxsat berish niyatida. Bu past oktanli yonilg‘iga qo‘shimchani qo‘shish orqali yuqori oktanli 5-sinf benzin ishlab chiqarishni oshiradi. Yuqori toksikligi va saraton xavfi tufayli monometilanilin ko‘pchilik mamlakatlarda taqiqlangan, ammo Rossiyada 2016 yilgacha ishlatilgan.

Bu chora-tadbirlar amalga oshirilsa, har oyda ichki bozorga kamida 350 ming tonna benzin va 100 ming tonna dizel yonilg‘isi qo‘shimcha ravishda yetkazib berilishi kutilmoqda.

Hukumat avvalroq benzin eksporti embargosini 2025 yil oxirigacha uzaytirgan va dizel yonilg‘isi eksportiga cheklovlar qo‘ygan edi. Neftni qayta ishlash zavodlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish istisno sanaladi.

Mavzuga oid