Endi esa barcha kerakli ma’lumotlar bitta ekranda, ko‘zga yaqqol tashlanadigan bloklarda va tahliliy ko‘rsatkichlar bilan iHamkor platformasidagi yangilangan kartochkada jamlangan.

Hisobotdan tahlilgacha

iHamkor platformasida yangi vosita paydo bo‘ldi: u kontragentlarni tekshirish va kompaniyalarni tahlil qilishga yondashuvni o‘zgartirishi mumkin. Endi odatiy “reyestr” jadvali o‘rniga foydalanuvchilar vizualizatsiya, koeffitsiyentlar va qisqa xulosalari bo‘lgan to‘liq biznes-diagnostikani qo‘lga kiritadi.

Yaqin-yaqingacha iHamkor’dagi kompaniya kartochkasi quruq raqamlar to‘plamiga o‘xshardi: balanslar, hisobotlar — hammasi faqat sonlardan iborat edi. Buni tushunish faqat mutaxassislargagina oson edi. Endi esa format o‘zgardi: ma’lumotlar tahliliy izohlar bilan birga beriladi, asosiy ko‘rsatkichlar rang va ikonkalar orqali ajratib ko‘rsatilgan, jadvalning o‘zi esa ancha tushunarli bo‘ldi.

Endi har bir kompaniyaning barqarorlik reytingi va kredit profili bor. Shu orqali moliyaviy ahvolni bir qarashda tushunib olish mumkin.

Men har kuni ishlatish mumkin bo‘lgan vosita yaratishni maqsad qilgandim. Hozir u shunday shakl oldi, deb o‘ylayman. Biz iHamkor’da kompaniya kartochkasining yangi ko‘rinishini ishga tushirdik. Bu oddiy “redizayn” emas. Bu — reyestrdan tushunishga o‘tish. Raqamlar yig‘indisidan aniq xulosalarga kelish, — deya o‘z fikrlarini bo‘lishdi Venkon kompaniyalar guruhi asoschisi va rahbari Asqar Ismoilov o‘zining LinkedIn sahifasida.

iHamkor kartochkasidagi yangiliklar nimadan iborat?

Sudlar va ijro ishlarida ishtiroki — ishlar soni, kompaniyaning roli, undiruv summalari.

• Davlat xaridlari — tenderlardagi ishtirok, shartnomalar, buyurtmachilar va buyurtmalar hajmi.

• Moliya — nafaqat tushum va foyda, balki ularning dinamikasi, rentabellik koeffitsiyentlari va soha bo‘yicha taqqoslash.

• Soliqlar — to‘lov tarixi, o‘zgarishlar va hudud yoki mamlakat reytingidagi o‘rni.

• Aktivlar — qoplash koeffitsiyentlari, moliyaviy mustaqillik, ROA, tushum o‘sishi.

• Barqarorlik reytingi va uning batafsil sharhi.

Avvallari kompaniya kartochkasi quruq jadval ko‘rinishida edi: faqat raqamlar, hech qanday kontekst, izoh yoki taqqoslashsiz. Endi esa hammasi boshqacha: har bir bo‘lim interaktiv — diagrammalar, filtrlar va rangli ko‘rsatkichlar raqamlarni aniq va ravshan tasvirga aylantiradi.