O‘zbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish ehtimoli haqidagi savolga javoban Osiyo jamoalari saviyalari o‘sib borayotganini inobatga olgan holda bu ish qiyin emasligini aytib o‘tdi.

«Birinchi navbatda O‘zbekiston mundial ishtirokchisi, Italiya esa hali yo‘llanma olmadi. Mamlakatim uchun afsusdaman, futbol faqat Yevropada emas, butun dunyoda jumladan, Osiyoda shiddat bilan rivojlanmoqda. Osiyo terma jamoalarining saviyasi oshib borayotgani sabab Italiyaga qarshi o‘yin o‘tkazish qiyin emas. Futbol rahbariyati bolalar futboliga e’tibor qaratgan, tizimli rivojlanish uchun mana shunday Milliy futbol markazi qurildi.

Men 8 yoshimdan beri futboldaman, u men biladigan yagona soha. Umid qilamanki, vaqt o‘tib bundan-da rivojlanamiz.

Bir oy avval bu yerga tashrif buyurdim. O‘shanda hazil tariqasida ishlashga tayyorligimni aytgandim, bu esa amalga oshdi. Albatta, futbolchilarni ham kuzatdim, lekin mashg‘ulotlarda bu yaqqol namoyon bo‘ladi. Bugun futbolchilar bilan ko‘rishdik, ular orasida italyanchada so‘zlashadiganlari ham bor. Murabbiy va futbolchilar kommunikatsiyasi juda muhim. Timur Kapadze bilan ham yig‘inga chaqirilgan futbolchilar borasida gaplashdik. Mahalliy mutaxassislar shtabda bo‘lishi tarafdoriman, bu men uchun juda katta yordam beradi. Futbolchilar mentaliteti, mamlakat madaniyatini tez o‘zlashtirish zarur, shu sabab Ravshan Ermatovdan bu haqda o‘zim ham iltimos qildim.

Superliga o‘yinlarini ham kuzatib boraman, aytib o‘tganimdek, futbolchilarni maydonda kuzatish eng yaxshi taassurotni beradi.

Men juda ko‘p chemodan bilan keldim. Maqsadim bu yerda ko‘proq bo‘lish, hatto velosipedimni ham olib keldim, uni haydashga vaqtim bo‘ladimi, yo‘qmi bilmadim, lekin ko‘proq odamlar orasida bo‘lishni yoqtiraman. Katta ishtiyoq bilan keldim, yoshlar va o‘smirlar jamoalarining o‘yinlarini ham kuzatib boraman, katta ishtiyoq bilan keldim», – Fabio Kannavaroning so‘zlarini keltirmoqda O‘FA matbuot xizmati.

U O‘zbekiston chempionati saviyasini oshirish ustida ham ishlamoqchi. 

«Superliga intensivligini oshirish kerak, bu borada rahbariyat bilan gaplashamiz. O‘yin davomida yuqori temp bilan qancha ko‘p harakat qilsak, natijalar yaxshilana boshlaydi. Futbolchilar tiklanishlari ham juda muhim. Klublardagi murabbiylardan ham iltimos qilardik, futbolchilarning kunlik, haftalik yoki oylik ko‘rsatkichlarini yuborishsa, shunda bizda ularning natijalari o‘syaptimi yoki aksincha bilish imkoni bo‘ladi. Jahon chempionatidagi temp umuman boshqa daraja, buni ishonch bilan ayta olaman.