10-sentabr kuni qabul qilingan OʻRQ–1173-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasiga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Qonunga koʻra, elektron tijorat ishtirokchilari va operatorlari turli davlatlar hududida joylashgan hamda ulardan biri Oʻzbekiston hududida faoliyat yuritgan holda amalga oshiriladigan elektron savdo transchegaraviy elektron tijorat hisoblanadi.

Shuningdek, realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston deb eʼtirof etiladigan elektron xizmatlarni koʻrsatuvchi yoki elektron savdo platformalari orqali tovar sotuvchi chet el yuridik shaxslariga hujjatlarni yuborish bilan bogʻliq alohida tartib belgilandi.

Bunday yuridik shaxslarga hujjatlar qogʻoz shaklida yoki telekommunikatsiya kanallari orqali elektron koʻrinishda joʻnatilganidan keyin 30 kun oʻtgach olingan deb hisoblanadi.

Qonun bilan elektron savdoda sotuvchining javobgarligi ham aniq belgilab qoʻyildi. Xususan, elektron tijorat operatorining axborot tizimi orqali tuzilgan shartnoma boʻyicha sotuvchi oʻz faoliyatiga taalluqli majburiyatlarni bajarish uchun asosiy javobgar hisoblanadi.

Bundan tashqari, xaridorga sifatsiz tovar, ish yoki xizmat yetkazib berilishi, shuningdek, nomaqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini almashtirish bilan bogʻliq nizolar uchun ham asosiy javobgarlik sotuvchi zimmasida boʻladi.

Agar sotuvchi xaridorning qonuniy talablarini qanoatlantira olmasa, shartnoma yoki qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, elektron tijorat operatori xaridor oldida subsidiar javobgar boʻladi.

OʻRQ–1173-sonli qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.