New York Times gazetasi bir yil muqaddam Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShdan BGM-109 Tomahawk qanotli raketalarini so‘ragani va rad javobini olganini yozgandi: ma’muriyat uning so‘rovini ham siyosiy, ham obektiv sabablarga ko‘ra mutlaqo noreal deb topgandi.

Bir yil o‘tib, 2025 yil oktyabrida, AQSh prezidenti ochiqchasiga shunday dedi: «Men u [Rossiya prezidenti Vladimir Putin] bilan buni gaplashishim mumkin. Unga shunday deyman: menga qara, agar bu urushni tugatib bo‘lmasa, men ularga [Ukrainaga] Tomahawk raketalarini yuboraman».

Jo Bayden ma’muriyati davridan buyon AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash siyosati Amerika matbuotida «yo‘q, yo‘q, yo‘q, ha» deb nom olgan, bu orqali Vashington Kiyevga berishni rad etgan qurollar, ertami kechmi baribir unga yuborilishiga ishora qilingan.

Amerikaliklar Ukrainaga Abrams tanklarini berishda ham, F-16 qiruvchilari hamda ATACMS operativ-taktik ballistik raketalari yetkazib berilishiga rozi bo‘lishda ham aynan shunday yo‘l tutgan. Har safar qurollarni topshirishdan oldin ochiq va yopiq doiralarda uzoq davom etgan muhokamalar bo‘lib o‘tgan. Masalan, Abrams tanklari Ukraina qurolli kuchlariga yetib kelganida juda kech bo‘lgandi.

Va bu holatlarning har birida qurol-yarog‘lar urushda hal qiluvchi rol o‘ynay olmaydigan darajada kam berilgan.

Shunga qaramay, agar Tramp ma’muriyati o‘zidan oldingi rahbarlarning siyosatini davom ettiradigan bo‘lsa, bir nechta «yo‘q»dan so‘ng Tomahawk ham Ukraina qurolli kuchlari ixtiyoriga yetib kelishini taxmin qilish mumkinmi?

Buning ehtimoli hali ham unchalik katta emas. Biroq, bunday qurol bilan bog‘liq holatda, bu ehtimol nolga teng emasligining o‘zi muhimdir.

Dengiz raketasi

Asosiy to‘siq – AQShda ushbu raketalarni uchirish qurilmalarining yo‘qligi.

Ya’ni, BGM-109 Tomahawk – dengiz raketasi bo‘lib, u odatda kemalar va suvosti kemalariga o‘rnatiladigan Mk41 vertikal uchirish moslamasidan uchiriladi. Ukraina qurolli kuchlari harbiy-dengiz kuchlari bunday raketalardan foydalanish uchun zarur kemalarga ega emas.

Dastlab, 1970-yillarda havo va yerdan uchirish versiyalari ishlab chiqilgan, ammo havo versiyasi raqobatchisiga yutqazgan, yer versiyasi esa O‘rta va qisqa masofali raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnoma bilan taqiqlangan.