Mazkur ustaxona aqliy rivojlanishda tengdoshlaridan ortda qolayotgan o‘smirlarning hunar o‘rganishi, ijod qilishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga yordam beradi. Bu yerda bolalar o‘z qo‘llari bilan mahsulotlar yaratadi, jamoat tadbirlarida qatnashadi hamda kelajakda mehnat bozoriga kirib borish uchun zarur amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.
Poytaxtdagi Katta Chilonzor mahallasida joylashgan xonadonlardan birida “Tabassum” inklyuziv ustaxonasi o‘z faoliyatini boshladi.
“Quyoshli olam” nodavlat-notijorat tashkiloti tashabbusi va UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilgan mazkur loyiha aqliy rivojlanishda nuqsoni mavjud bo‘lgan o‘smirlarning hunar o‘rganishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Loyiha doirasida autizmga chalingan, Daun sindromi bor bolalarga kulolchilik, tikuvchilik, sham va sovun tayyorlash kabi hunarlar o‘rgatiladi. Ustaxona sig‘imi jami 20 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining 3 nafar professional mutaxassisi dars beradi. 2 nafar ko‘ngilli yoshlar trener sifatida bolalarning ijodiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordamlashadi.
“Ustaxonada kun davomida, odatda, yetti-sakkiz nafar o‘quvchi bilan ishlanadi. Aslida xona yigirma o‘quvchi uchun mo‘ljallangan, biroq bolalarning boshqa mashg‘ulotlari, to‘garaklari borligi tufayli hammasi bir vaqtda qatnasha olmaydi. Shu sababli, ba’zi o‘quvchilar kunora kelishadi, ammo o‘n nafardan ortiq bola har kuni muntazam ravishda darslarda ishtirok etadi. O‘quvchilar loy bilan ishlash, shakl berish, bezaklar yaratish, pishirish jarayonlarini amalda bajaradi. Kulolchilik darslari ularning diqqatini va estetik didini rivojlantiradi. Shu bilan birga, ustaxonada tikish darslari ham tashkil etilgan: bolalar matolar bilan ishlash, tikuv mashinasidan foydalanish va mustaqil mahsulot tayyorlashni o‘rganadi”, – deydi o‘qituvchilardan biri Ziyodaxon.
Ma’lum qilinishicha, ustaxonada bolalar o‘z qo‘llari bilan mahsulotlar yaratishdan tashqari, jamoat tadbirlarida qatnashish hamda kelajakda mehnat bozoriga kirib borish uchun zarur amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi.
“Ilgari ko‘pchilik bunday bolalarni himoya qilaman deb, aslida jamiyatdan ajratib qo‘yardi. Biz esa aksincha, ularni hayotga tayyorlayapmiz. “Tabassum” oddiy ustaxona emas, bu joy qarashlarni o‘zgartiradigan maktabdir. Har bir bola o‘z qobiliyatini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lishi kerak”,
















